Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cho‘milish mavsumida suvda suzish qoidalarini bilish muhim
16:30 / 2023-07-11

Kunlar isigani sayin suv havzalarida cho‘milishga bo‘lgan ehtiyoj oshadi. Bunday paytlarda yoshlarni, ayniqsa, suzish havzalarida uchratamiz. Ammo cho‘milish borasida doimo cho‘kish bilan bog‘liq mudhish holatlarni unutmaslik kerak. Shu sabab yosh bolalar cho‘milishidan oldin plyajni tayyorlash zarur.

Xususan, cho‘milishdan oldin plyaj akvatoriyasi tubini tekshirish, guruh cho‘milishi uchun ajratilgan uchastka chegarasining qirg‘og‘i chetlarini rangli qirg‘oq bayroqchalari yoki yaxlit to‘siq (fal) bilan belgilash lozim. Cho‘milish uchun ajratilgan uchastka akvatoriyasi chegarasining butun perimetrini ishora qoziqlari, suvda qalqib turuvchi to‘siqlar bilan belgilash ham samaralidir.  

Shuningdek, taxtachalarga qutqaruv vositalarini ilib qo‘yish, bolalarning har bir guruhiga xavfsizlik choralari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish, qutqaruvchi plyaj akvatoriyasi tashqarasiga qayiqda chiqishi va undan 2-3 metr masofada turishi lozim. Cho‘milish paytida har 10 kishi hisobiga bir nafar qutqaruvchi suvda cho‘milayotgan bolalarning yonida turishi kerak.  

Bolalar yoki birinchi marotaba suvga tushgan katta yoshdagilarni suzishga o‘rgatish joyi 60-90 santimetrgacha chuqurlikda bo‘lishi kerak. Bunday chuqurlikda odam suvdan cho‘chimaydi, chunki oyog‘i tayanch nuqtaga ega bo‘ladi.  

Ochiq suv havzalarida suzishga o‘rganishda, albatta, suvning chuqurligi bilan birga, oqim tezligini ham e’tiborga olish lozim. Iloji boricha, faqat qutqaruv xizmati bo‘lgan joylardagina cho‘milishga ruxsat etiladi. Shunda baxtsiz hodisa yuz bersa, ya’ni biror bir odam cho‘ksa, qutqaruv xizmati tezda yordamga keladi. Cho‘milish joyini cheklaydigan, ko‘pirib oqayotgan suvga sho‘ng‘ish mumkin emas.  

Cho‘kayotgan odamni suvdan olib chiqish ham katta mahorat talab etadi. Bunda bir necha qutqarish usullari mavjud. Ulardan biri – cho‘kayotgan kishiga orqa tomonidan suzib yaqinlashish, sochi va qo‘ltig‘idan ushlab, yuzini tepaga qaratib, qutqaruvchini ushlab olishga yo‘l qo‘ymagan holda qirg‘oqqa qarab suzish kerak. 

Suvda suzish qoidalarini bilish yoz faslining yanada maroqli va foydali o‘tishini ta’minlaydi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA