Jazirama yozning ayni pallasida cho‘milish kishiga zavqu shavq baxsh etadi.
Shu bois yoz boshlanishi bilan kattayu kichik hamma suzish havzalari tomon oshiqadi.
Ammo cho‘milish davomida hushyorlikni unutmaslik asosiy masalalardandir. Cho‘milish mavsumi boshlanishi bilan turli falokatlar, cho‘kish bilan bog‘liq mudhish holatlar ham yuzaga kelishi sir emas.
Har yili yozda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tegishli mutasaddilar va aholi bilan baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Ammo afsuski, shunga qaramay, ehtiyotsizlik, taqiqlangan suv havzalarida cho‘milish va boshqa nojo‘ya harakatlar oqibatida cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda holatlar yuzaga keladi.
Xo‘sh, joriy yil cho‘milish mavsumi davomida qanday talafotlar yuz berdi? Cho‘kish bilan bog‘liq nechta holat qayd etildi? Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari bilan bog‘landik.
— Yurtimizda issiq yoz mavsumi insonlarda cho‘milish, suzishga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi, — deydi FVV matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev. — Ammo cho‘milish davomidagi ehtiyotsizlik yoki cho‘milish mumkin bo‘lmagan suv havzalarida cho‘milish turli baxtsiz hodisalarni yuzaga keltiradi. Joriy yilgi cho‘milish mavsumi boshlangandan buyon 110ga yaqin cho‘kib ketish holatlari qayd etilgan. Ularning qariyb 50 foizi voyaga yetmaganlar hisoblanadi. Ushbu falokatlarning aksariyati ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan bo‘lsa, ayrimlari katta zovur va kanallardan o‘tadigan kanalizatsiya quvurlari ustidan o‘tishda suvga qulab tushish oqibatida sodir bo‘lgan. Cho‘kib ketgan fuqarolarni qutqarish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda uning joylardagi boshqarma va bo‘limlari vakillari tomonidan tezkor ravishda qutqaruv va qidiruv ishlari olib boriladi. Albatta, bu jarayon oson emas.
Darhaqiqat, ayrim suv havzalarida cho‘milish taqiqlab qo‘yilishi bejiz emas. Hayot uchun xavfli bo‘lgan, suv oqimi yuqori bo‘lgan suv havzalarida cho‘milish kishining o‘zini boshqara olmay qolishi va oqimga qo‘shilib, oqib ketishiga sabab bo‘ladi. Shu bois ham mumkin bo‘lmagan joylarda cho‘milmaslik, suzish havzalarida ehtiyotkor bo‘lish dolzarb ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, cho‘milish taqiqlangan suv havzalari hududlarida Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan nazorat olib borish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, eng avvalo, insonlarning o‘zlari o‘zlarini nazorat qila olishi, ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalarga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
Cho‘milish — insonga huzur bag‘ishlaydi. Zavqli onlar rohatini falokatga aylantirmaslik esa ko‘p jihatdan o‘zimizga ham bog‘liq.
Muhtarama Komilova, O‘zA