Yozning issiq kunlari boshlandi deguncha salqin joylar, suvli va cho‘milish havzalariga bo‘lgan ehtiyoj ortadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, suzish, ya’ni, cho‘milish kishiga g‘ayrat va shijoat baxsh etadi. Muntazam suzish mashg‘ulotlari yurakni baquvvat qilib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 41 foizga kamaytirishi mumkin. Suzish nafaqat tanadagi deyarli barcha mushaklarni ishlatadi, balki ko‘p miqdordagi kaloriyalarni yo‘qotishga yordam beradi. Shuningdek, u miyani zararlardan himoya qiladi.
Cho‘milish masalasida doimo hushyor bo‘lish cho‘kish bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini oladi. Bu holatda xavfsizlik talablariga rioya etish muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 2 mingga yaqin cho‘milish taqiqlangan xavfli uchastkalar, ko‘llar, daryo va soylar mavjud. Shu sababli ochiq suv havzalarida cho‘milish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari tomonidan doimiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Xususan, FVV ma’lumotiga ko‘ra, belgilanmagan joylarda cho‘milish yaxshi oqibatlar bilan tugamasligi mumkin. Jumladan, to‘sish belgilaridan o‘tish, kemalarga yaqin suzib borish, mast holatda cho‘milish, suvda o‘yinlar o‘ynash hamda ommaviy dam olish joylari sifatida foydalanish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan kanallar, ko‘llar, yong‘inni o‘chirish suv havzalari, suv to‘ldirilgan konlar va boshqa suv havzalarida cho‘milish taqiqlanadi. Shuningdek, chuqurligini chamalamay turib suvga “kalla” tashlash mumkin emas.
Ochiq suv havzalarida suzishni o‘rganishda, albatta, suvning chuqurligi bilan birga, oqim tezligini ham e’tiborga olish lozim. Iloji boricha, faqat qutqaruv xizmati bo‘lgan joylardagina cho‘milishga ruxsat etiladi. Shunda baxtsiz hodisa yuz bersa, ya’ni biror bir odam cho‘ksa, qutqaruv xizmati tezda yordamga keladi. Cho‘milish joyini cheklaydigan, ko‘pirib oqayotgan suvga sho‘ng‘ish mumkin emas.
Bolalar yoki birinchi marotaba suvga tushgan katta yoshdagilarni suzishga o‘rgatish joyi 60-90 santimetrgacha chuqurlikda bo‘lishi kerak. Bunday chuqurlikda odam suvdan cho‘chimaydi, chunki oyog‘i tayanch nuqtaga ega bo‘ladi.
Cho‘kayotgan odamni suvdan olib chiqish ham katta mahorat talab etadi. Bunda bir necha qutqarish usullari mavjud. Ulardan biri – cho‘kayotgan kishiga orqa tomonidan suzib yaqinlashish, sochi va qo‘ltig‘idan ushlab, yuzini tepaga qaratib, qutqaruvchini ushlab olishga yo‘l qo‘ymagan holda qirg‘oqqa qarab suzish kerak.
“Xavfli!”, “Cho‘milish taqiqlanadi!”, “Tubining holati va chuqurligi noma’lum bo‘lgan joylarda suvga sakramang!” kabi belgilarni ko‘rganda bunga amal qilgan ma’qul hamda bolalarni bu kabi joylarga yubormaslik, ularni nazoratsiz qoldirmaslik lozim.
Ehtiyotsizlik fojea bilan yakunlanmasligi uchun ushbu oddiy qoidalarga amal qilsak, o‘zimiz va yaqinlarimizning hayotini asrab qolgan bo‘lamiz.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA