Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cholu kampir, savdogar, qalandar va darvesh niqobi ostidagi Amir Temurning "razvedka" xizmati... 
11:54 / 2022-02-08

Tarixdan ma’lumki, razvedka xizmati o‘zining uzoq o‘tmishiga ega. Undan oqilona, taktik jihatdan pishiq foydalangan shaxsgina o‘zining strategik maqsadlariga erishishi mumkin. Sarkarda va davlat arbobi Amir Temur o‘zining teran nigohi, yuksak mantiqiy fikrlashi, tahlikali vaziyatlardan o‘z vaqtida ogoh bo‘lishi va anglashi, tezkor xulosaga kelishi kishini doimo hayratga solgan.

Amir Temur o‘z saltanatida «Kuch – adolatdadir» degan shiorga nafaqat o‘zi, balki vazirlarini ham amal qilishga undagan. Sohibqiron mansabdor shaxslarni tanlash ularning qobiliyatiga qarab mansablarga qo‘yishga alohida e’tibor qaratgan. 

Sohiqironning «Tuzuklari»da qayd etilishicha, vazir lavozimiga nomzod qo‘yidagi to‘rt fazilatga ega bo‘lishi lozim. Jumladan: «birinchisi – asillik, toza nasllilik; ikkinchisi – aql, farosatlilik; uchinchisi – sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lishlik; to‘rtinchisi – sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik»dir. 

Shuningdek Amir Temur o‘z davlatida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda razvedka xizmatiga alohida e’tibor qaratgan. Bu haqda «Tuzuklar»da oltinchi toifa - ishonchli, to‘g‘ri e’tiqodli oqilxiradmand kishilarkim, davlat sirlarini ularga ochib, saltanat ishlari bo‘yicha ulardin maslahat olishimga loyiq edilar. Bu toifa kishilar bilan sirdoshlik qilib, o‘z maxfiy ishlarim va pinhoniy sir-asrorlarimni o‘shalarga topshirdim», deyiladi.

Amir Temur saltanatidagi maxfiy xizmat to‘g‘risidagi aksariyat qimmatli ma’lumotlar uning zamondoshi Ibn Arabshoh tomonidan bizgacha yetib kelgan. Bu borada Ibn Arabshoh: "Razvedkachilar – chor atrofda bo‘layotgan hodisalarni va ularning xabarlarini Temurga yetkazib, manzilu shaharlarni tavsiflaydilar. Ularning tekis va notekis joylarining suratlarini keltirib, uylari va daryolari o‘rnini chizib ko‘rsatardilar, shular orasida u joylarning yaqin yo uzoq, tor yoki kengligini, shaharlar va qishloqlarning nomlarini, manzil va pinhon joylarini, har bir joyning avliyo boshliqlari, amirlari, ulug‘lari, fozillari, boylariyu faqirlarini, ularning har bir ism va laqabini, shuhrati va nasabini, hunari va vositalarini bayon qilardilar. Natijada Temur o‘z fikri bilan shu narsalarni yaqqol ko‘rib, tafakkuri natijasida o‘z yerlari bilan xorij joylar ustidan ham tasarruf yuritardi», deya alohida aytib o‘tgan. 

Amir Temur razvedkachilarni tanlashda juda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rgan. Ishonchli, to‘g‘ri e’tiqodli oqil kishilar toifasiga davlatning eng maxfiy sirlarini ishonib, muammolar yechimini topishda ular xizmatiga tayangan. Mazkur soha vakillari dunyoda bo‘layotgan yangiliklar, sodir etilishi mumkin bo‘lgan voqealardan Sohibqironni muntazam xabardor etib turgan. 

Razvedkachilar orasida turli yoshdagilar bo‘lib, har biriga o‘z darajasida muhim vazifa va topshiriqlar yuklatilgan. Ibn Arabshoh Amir Temur razvedkachilarini o‘ta ziyrak va sezgirligiga qoyil qolib, ularni kamdan-kam xato qilishini aytib o‘tadi. 

Belgilangan muhim topshiriq va vazifalarni bajarish jarayonida bir vaqtning o‘zida bir razvedkachining o‘rnida boshqa bir razvedkachi ish olib borgan. Natijada, topshiriqlarni bajarish jarayonida uzviylik ta’minlangan. 

Amir Temur dunyoning turli mamlakatlarida savdogar, sayyoh, qalandar, munajjim, darvesh, folbinu jodugar niqobi ostida faoliyat ko‘rsatgan razvedkachilaridan yuksak bilim va sezgirlik talab etgan. Ayniqsa, razvedka borasida faoliyat ko‘rsatgan chol va kampirlar o‘zlarining o‘ta ziyrakligi bilan ajralib turgan. Eng muhim jihati chol va kampirlar fuqarolar bilan qiladigan muomalasida o‘z hikmati bahsida ikki muxolifni bir-biriga biriktirish yoki ikki dushmanni bir-biriga do‘st qiladigan darajada uddaburon kishilar sifatida taassurot uyg‘otishgan. 

Sohibqiron harbiy yurishga jo‘nashdan ancha avval dushmanning qurolli kuchlari mudofaa inshootlari, u yerdagi ichki vaziyat haqida aniq va to‘la ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida maxfiy xizmatchilarini yuborib turgan. G‘anim to‘g‘risida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lgandan keyingina yurishga taraddud ko‘rilgan. 

Razvedka xizmati bilan shug‘ullanishda savdogarlarning tutgan o‘rni alohida ahamiyat kasb etgan. Ularlar savdo aloqalarini olib borish bahonasida qo‘shni mamlakatlardagi siyosiy vaziyat to‘g‘risida o‘ta muhim qimmatli ma’lumotlardan xabardor etib turgan. Bu esa katta g‘alaba va zafarlarni qo‘lga kiritishga zamin yaratgan. 



Mansur MUSAEV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i