Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cho‘lquvarlarga gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazilmoqda
16:34 / 2022-11-01

Buxoro viloyati Romitan tumani markazidan 231 kilometr uzoqlikdagi “Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisiga “Romitantumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan oyma oy, o‘z vaqtida maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazga to‘ldirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.

Ta’bir joiz bo‘lsa, “qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan” Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan “Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘inida bugunga kelib 104 ta oila, asosan qozoq millatiga mansub jami 600 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.  

Umumiy maydoni 294 ming gektarni tashkil etayotgan mahallaning geografik nuqtai nazardan, aksar yeri yaylov va cho‘l qirliklardan iborat. Ammo shunga qaramasdan ovul infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilayotgan e’tibordan aholi juda mamnun.  

– O‘z vaqtida gaz ballonlarimizni keltirib berishadi, – deydi 70 yoshli otaxon Dusbay Kartpanbetov. – Muammo bo‘lgani yo‘q. 35 kunga bormaydi. To‘lovlarni ham kartalar orqali amalga oshiramiz.  

Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p xonadonli uy-joy fondini 2022-2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Qarorda olis va borish qiyin bo‘lgan qishloqlarda 2022-2023 yillar kuz-qish davrida suyultirilgan gazni yetkazib berish va zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilab berildi. Qaror ijrosi bugun gaz ta’minoti filiali tomonidan ta’minlanmoqda.  

– Viloyat markazidan salkam 300 kilometr olisda joylashgan ovulda ikkita – Gugurtli va Qizilravot qishloq aholisi hamda mavjud ijtimoiy ob’ektlar ham gaz balloni bilan ta’minlanadi, – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – Har 30-35 kunga bormay gaz ballonlari o‘z egalariga tarqatiladi. Kuni kecha umumiy hisobda 2 ming 160 kilo suyultirilgan gazga to‘ldirilgan 109 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi.  

Gaz ballonlarini tarqatish davomida turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun undan foydalanganda xavfsizlikka rioya etish lozimligi xodimlar tomonidan tushuntirib o‘tilmoqda.  

Amudaryo bo‘yida istiqomat qilayotgan cho‘lquvarlar ovulida ham otashin hayot qaynamoqda. Yuqoridagi sa’y-harakat esa aholi turmush darajasini ko‘tarish, odamlar duch kelayotgan muammolarni joyida hal qilish, ertamiz egalari sog‘lom va talab darajasida bilim olishlari, o‘sib ulg‘ayishlari uchun zarur vositadir.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA