Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cho‘lpon — ma’rifat va ozod fikr ramzi
16:25 / 2025-11-13

Jizzax politexnika institutida buyuk adib, jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Cho‘lpon. Qush esdaligi” hujjatli filmi namoyish etildi. Bu asar nafaqat bir adib taqdiri, balki butun bir millatning uyg‘onish va ma’rifat sari intilgan yo‘lini yorqin aks ettiradi.

Film yetuk ma’rifatparvar shoir va yozuvchi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon hayoti va ijodi haqida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil “Adiblar xiyoboni”ga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida “Xalq yuragi” turkumi doirasida suratga olingan. Rejissyor — Husan Rashidov, ssenariy mualliflari — yozuvchi Nabi Jaloliddin va Erkin Bozorov, bosh rolni esa yosh aktyor Shohjahon Subhonov ijro etgan.

“Cho‘lpon. Qush esdaligi” filmi Nabi Jaloliddinning “Tegirmon” romani asosida yaratilgan bo‘lib, asarda Cho‘lponning istiqlol g‘oyasi yo‘lidagi kurashi, uning qalbini to‘ldirgan ozod fikr va Vatan muhabbati, shuningdek, totalitar tuzumning qatag‘on siyosatini ochib beradigan dramatik lavhalar badiiy mahorat bilan tasvirlangan.

Andijonlik shoir va yozuvchi, jadidchilik harakatining fidoiy farzandi Cho‘lpon o‘z ijodi orqali millatni uyg‘otish, uni ilm, ma’rifat va erkin fikr sari yetaklashni hayotiy maqsad deb bilgan edi.

Cho‘lpon 1917 yilgi fevral inqilobidan so‘ng Turkiston muxtoriyati harakatida faol ishtirok etdi, “Ozod turk bayrami” she’ri orqali milliy davlatchilik g‘oyasini madh etdi. U “Chig‘atoy gurungi”, “Nashri maorif”, “Turon teatri” kabi jamiyat va madaniyat tashkilotlarida faoliyat yuritib, xalqni ma’rifat, ilm va ozodlikka chorladi. Uning “Kecha va kunduz” romanidagi inson sha’ni, erkinlik va Vatan g‘oyalari yuraklarimizdan chuqur joy olgan.

Biroq mustamlakachilik siyosatini fosh etgan ijodi uni ta’qibga uchratishga sabab bo‘ldi. 1938 yil 14 iyulda hibsga olingan Cho‘lpon o‘sha yilning 4 oktyabrida Toshkentda qatl etildi. U — jadidchilikning yuzini yoritgan ma’rifat chirog‘i, millat uyg‘onishining abadiy ramzidir.

Kino namoyishidan so‘ng, Transport muhandisligi fakulteti dekani Mirkomil Mirzabekov milliy adabiyot va tarixiy shaxslar merosini o‘rganish yoshlarda milliy g‘urur va erkin fikrni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Cho‘lponning jadidchilik g‘oyalari bugungi avlod uchun ma’naviy yo‘llanma vazifasini o‘taydi.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri