French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashaylik
11:45 / 2021-06-17

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan Ekologik partiyasi fraksiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida 17 iyun – “Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, BMT tomonidan 1994 yildan e’tiboran, 17 iyun – “Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish” kuni deb e’lon qilingandan boshlab jahonda ushbu kun keng nishonlanib kelinmokda. O‘zbekiston Osiyo mintaqasida birinchilardan bo‘lib Konvensiyaga a’zo bo‘lgan davlatlardan hisoblanadi. Ushbu Konvensiya 1995 yil 31 avgustda O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996 yildan kuchga kirdi. bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo. “Cho‘llanish” — dunyoning barcha mintaqalarida davom etayotgan yer degradatsiyasi, ya’ni yaroqsiz holga kelishi jarayonidir deb e’tirof etilgan. Bu jarayon inson omili va iqlim o‘zgarishi sababli yuz bermoqda.  

Yer maydonlarida qurg‘oqchilik va cho‘llanish muammosi bugungi kunda barcha xalqaro jamoatchilik, yer egalarining, ilmiy dargohlarning va siyosatshunoslarning doimiy diqqat-e’tiborida. Qurg‘oqchilik va cho‘llanish butun insoniyatga ijtimoiy, iqtisodiy zarar keltirib, dunyo miqyosida ekologik tahdid xavf solmoqda.  

Hozirgi kunda O‘zbekistonning 70% yoki 31,4 million gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat bo‘lib, ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklardan iborat cho‘l hamda issiq garmsil shamollari ta’siridagi hududlardan iborat. Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 million gektardan ortiq maydonda “Orolqum” sahrosi paydo bo‘ldi. Natijada, ushbu hududda ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.  

Tadbirda mazkur Konvensiya doirasida O‘zbekiston tomonidan olingan majburiyatlar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosi muhokama etildi. Aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mazkur konvensiya doirasida amalga oshiriladigan majburiyatlar yuzasidan mas’ul organ deb belgilangan.

 Respublikamizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda tasdiqlangan. bugungi kunda sohada ushbu “yo‘l xaritasi”ga asosan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Orol dengizining qurigan hududida 2019 yilda 501 ming gektarda, 2020 yil bahorida 703 ming gektar maydonda ko‘chma qumlarni mustahkamlash maqsadida o‘rmon barpo etish tadbirlari amalga oshirilgan.  

Tadbirda sohada olib borilgan ijobiy yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va vujudga kelgan muammolar ham keng muhokama etildi. Xususan, sohada davlat-xususiy sheriklik, iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilmaganligi tanqid qilinib, innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, mahalliy aholini cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish ishlariga jalb etish va ular xabardorligini oshirish takliflari berildi.  

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

 Diyora Sharipova,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

bo‘lim boshlig‘i

O‘zA