Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng jiddiy ekologik muammolardan biri — cho‘llanish va qurg‘oqchilik. Bu holatlar tuproqning unumdorligini yo‘qotishi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazishi, insonlarning hayoti va iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan xavfli hisoblanadi.
Cho‘llanish va qurg‘oqchilik nima?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, cho‘llanish tabiiy va inson faoliyati natijasida hosildor yerlar zaxirasining kamayib borishi, ularning quruq va noto‘g‘ri boshqarilayotgan maydonlarga aylanishidir. Bu holat, asosan, kam yog‘ingarchilik, noo‘rin yerdan foydalanish, daraxtlarni kesish natijasida sodir bo‘ladi. Qurg‘oqchilik esa uzoq muddat davomida yomg‘irning yo‘qligi yoki kam bo‘lishi tufayli suv ta’minoti kamayib ketadigan tabiiy hodisa. Bu holat qishloq xo‘jaligi, ichimlik suv ta’minoti va tabiiy ekotizimlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Oqibatda hosildorlik pasayadi va oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga keladi. Ichimlik suvi manbalari keskin kamayadi. Biologik xilma-xillik tobora yo‘qolib boradi va qishloq joylardan aholining ko‘chib ketishi (ekologik migratsiya) yuzaga keladi.
Qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi?
Bu muammoning oldini olishda o‘rmonlarni tiklash va ekin yerlar atrofiga daraxt ekish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, aholi orasida ekologik ta’lim va xabardorlikni oshirish, suvdan tejab foydalanish va samarali irrigatsiya tizimlarini joriy qilish maqsadga muvofiq. Yerdan foydalanishda barqaror qoidalarga rioya qilish talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekiston 1995 yildan boshlab BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasi tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurib qolgan Orol dengizi tubida saksovul ekish, “yashil belbog‘”lar barpo etish va tuproqni raqamli monitoring qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan 2024 yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan COP16 anjumanida O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan Samarqand deklaratsiyasi xalqaro qo‘llab-quvvatlovga sazovor bo‘ldi.
Cho‘llanish va qurg‘oqchilik — faqat tabiat muammosi emas, balki butun insoniyat uchun jiddiy xavf. Unga qarshi kurashish — bugungi kunning dolzarb vazifasi. Har bir davlat, jamiyat va fuqaro tabiatni muhofaza qilishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Faqat shundagina kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratish mumkin bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA