Buxoro viloyati qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilik tarmog‘iga sarmoya kiritishni maqsad qilgan bir guruh xitoylik sarmoyadorlar viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov bilan muzokara o‘tkazdi.
Muzokarada ta’kidlanganidek, bu borada aynan uch yil oldin boshlangan izlanishlar bugun samara bermoqda. Xitoylik olimlar, agronomlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tajribaviy ishlar hozirda viloyatning barcha tumanlarida o‘zlashtirilmoqda.

Keyingi yillarda viloyatda Xitoyning “Zoulin-Tay-88”, “Xin Lu Zao-57”, “Chjun Tay-2” kabi serhosil navlari tajriba-sinov tariqasida ekilib, har gektaridan o‘rtacha 65-70 sentner hosil olinmoqda. Texnologiyalar va avtomatlashtirish natijasida, chigit ekish, sug‘orish, begona o‘tlarga qarshi kurash, defoliatsiya, hatto, paxta terimi ham zamonaviy uskunalar yordamida bajarilmoqda.

Xitoyning “Yongtai modern agriculture Co., Ltd” kompaniyasi general direktori Van Chensyan, “Kashi Changsheng Technology Co., Ltd” kompaniyasi boshlig‘i Juan Chjenshen, “Xinjiang Choumian Seed industry Co., Ltd” kompaniyasi boshlig‘i Yan Chjen Yan, “Xinjiang Kashi Hongtong Pipe industry Co.,Ltd” kompaniyasi general direktori Syuy Shiydun kabi sarmoyadorlar viloyat hokimi o‘rinbosariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Viloyatda dastlabki bosqichda 15 ming gektar yerni o‘zlashtirib, unda tomchilatib sug‘orish tarmog‘i asosida serhosil navlarga mansub Xitoy paxtasi yetishtirishga tayyor ekanliklarini bayon etdi. Chet ellik investorlarga viloyatning bir nechta tumanidan o‘zlashtirilmagan yer maydonlari taklif qilindi. Xorijiy mutaxassislar tavsiya qilingan hududni o‘rganish, mavjud infratuzilma, shuningdek, bu boradagi qonunchilik talablari bilan yaqindan tanishishga kirishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.