Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasida “Cho‘l va ko‘l hududlarining iqlimiga mos bo‘lgan daraxt va butalar ekish bo‘yicha ilmiy ishlar va chel el tajribalari” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma, mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, Jizzax davlat pedagogika instituti fiziologiya va ekologiya hamda Jizzax politexnika institutining ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kafedralarining professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda “Sho‘rlangan yerlarda, cho‘l va ko‘l hududlarida, iqlimga moslashtirilgan daraxt, buta, saksovul hamda yantoq o‘simliklarini parvarish qilishning ilmiy asoslari va uni amaliyotga tadbiq etish masalalari” mavzusidagi ma’ruza tinglandi.
Shuningdek, seminarda Prezidentimizning 2022 yil 22 fevaraldagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati hokimligi, mahalliy hokimliklar, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va uning tuman bo‘limi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan oqilona foydalanishni ta’minlash, ko‘llar atrofidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekoturizmni rivojlantirish, investitsiyalar kiritish, turistik dam olish zonalarini barpo etish, aholiga parhezbop mahsulotlar yetkazib berish maqsadida baliqchilikni rivojlantirish, tabiiy suv havzalarida baliqlarni ko‘paytirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida yangi ish o‘rinlari yaratish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda ushbu ko‘llar tizimida hali yuzlab gektar maydon ijaraga berilmagani, baliq ovlash ko‘rsatkichlari yildan-yilga kamayib, bu boradagi ko‘rsatkichlar pasayib ketayotgani, noqonuniy baliq ovlash holatlari hali ham mavjudligi, eko, agro va boshqa turizm turlarini rivojlantirish uchun yetarli muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilmaganligi borasida tanqidiy mulohazalar bildirildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash, aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hududda hayvonot va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish, turizm salohiyatidan tizimli foydalanishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi qayd etib o‘tildi.
O‘quv-seminarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ekotizimini saqlab qolish maqsadida hududning iqlim sharoitga mos bo‘lgan daraxt turlarini tanlash, bu boradagi chet el tajribalarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi.
A.Qayumov, O‘zA