O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh mutaxassisi Kaan Basaran o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida E.Muhiddinov mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashillik darajasini oshirish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va mavjudlarini tiklash borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muzokaralar davomida umumiy qiymati 3,3 million AQSH dollarini tashkil etuvchi FAOning yangi loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, loyiha doirasida mintaqaning cho‘l hududlarida sug‘orish tizimlarini yo‘lga qo‘yish, ekotizimlarni mustahkamlash, shuningdek, soha mutaxassislarining ikki tomonlama malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida loyiha doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ustuvor maqsad va vazifalar belgilab olindi. Tomonlar ekologik muammolarni hal etishda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA