Mutaxassislar kartoshka yetishtirish uchun odatda havosi salqin bo‘lgan tog‘oldi hududlarni tavsiya qilishadi. Biroq qashqadaryolik dehqonlar viloyatning cho‘l hududi sanalmish Nishon tumanida o‘tgan yili bahorgi kartoshkadan barakali hosil olishgan edilar. Buning uchun ular innovatsion usullardan foydalanishdi. Bu yil ham yana ulkan rejalar bilan bahorgi kartoshka ekishga kirishildi.
Gap shundaki, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, lalmi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga tumandagi Mehnatobod hududida foydalanilmay bo‘sh turgan, unumdorligi past bo‘lgan 100 gektarga yaqin yerga mahalliy tadbirkor Shavkat Sultonov tomonidan hudud iqlim sharoitiga mos bo‘lgan kartoshkaning gollandiya navlari ekildi. Maqsad may oyining boshida yangi kartoshkani bozorga chiqarish, narx-navo barqarorligini ta’minlash, aholi ehtiyojini qondirishdan iborat.
Ekish jarayonlari bir vaqtning o‘zida ham yerni oziqlantirib, ham zararkunandalarga qarshi dorilab, ham urug‘ni ekib ketuvchi zamonaviy texnologiya yordamida amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim jihati, ekin maydoni haroratning tezkor o‘zgarishini muvofiqlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan agrovolonka tolali yoping‘ich bilan yopib chiqilmoqda. 5-10 kunda kartoshka barg chiqaradi, deyishmoqda mahalliy dehqonlar.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/gjxSX5t2tOw" title="Cho‘l hududida innovatsion usulda kartoshka yetishtirish tajribasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Shuningdek, hosil unumdorligini oshirish maqsadida Avstriya davlatidan 4 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 2 ta yomg‘irlatib sug‘orish uskunasi olib kelindi. Har biri bir yo‘la 60 gektardan 120 gektargacha maydonni sug‘orish imkoniyatiga ega bo‘lgan ushbu qurilma suvni 50%gacha tejash bilan birga yerning meleorativ holatini yaxshilaydi. Kartoshka unumdorligini ikki barobarga oshiradi. Bundan tashqari mineral o‘g‘it va yoqilg‘ini ham 30% ga tejaydi.
O‘tgan yili gektaridan o‘rtacha 25 tonna hosil olingan bo‘lsa, ushbu uskuna yordamida joriy yil hosildorlik 45-50 tonnagacha yetkazilishi kutilmoqda.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA