Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani viloyatning cho‘l hududlaridan hisoblanadi. Viloyatning Turkmaniston bilan chegaradosh bu qismida yashovchi aholi asosan qorako‘lchilik bilan mashg‘ul. Saxovatli cho‘l bag‘rida sanoat korxonalarining ko‘plab konlari ham mavjud.
Keskin shamol cho‘l qumlarini erkalaydi. To‘lqinsimon qum barxanlari orasidan o‘tib borar ekanmiz, cho‘l archasi hisoblangan yulg‘un va saksovullar bizni qarshi oladi. Biz cho‘l bag‘ridagi bahri muhit Sichanko‘lning quyilish joyidagi sharsharani tomosha qilish uchun ketardik. Kimsasiz biyobonning adog‘i yo‘qdek go‘yo. Ammo u yerda insoniyatga sezdirmaygina hayot qaynaydi. Har qadamda cho‘lda yashovchi jonivorlarni uchratish mumkin.
[gallery-7977]
Nihoyat uzoq yo‘l yurib, Sichanko‘lga suv quyiladigan sharsharaga yetib keldik. Mahobatli sharsharaning guvullagan na’rasi kishiga o‘zgacha zavq beradi. Tabiiy holatda uzoq yillar ko‘lga suv tushishi natijasida hosil bo‘lgan ushbu sharshara atrofida o‘zgacha eko-muhit shakllangan. Inson qadami kamroq bo‘lgani uchun turli xil hayvonot va nabotot olami bu yerni oshyon tutgan.
Kutilmagan tashrifdan shoshib qolgan yovvoyi o‘rdaklar to‘dasi gur etib havoga ko‘tariladi. Sharshara ostidagi mavjlanib turgan suv o‘tlari orasidan baliqlar qimtinibgina mo‘ralaydi. Qariyb 7 ming gektar joyni egallagan Sichanko‘lga asosiy suv mana shu yerdan quyilib turadi. Asosan sizot suvlar evaziga paydo bo‘lgan ko‘l tabiati o‘ziga xos. Sichanko‘l baliqlari go‘shtini mazasi esa tillarda doston.
Baliq ovi mavsumi tugashi arafasida qoldirilgan bo‘lsa kerak baliqchilar qayig‘i ko‘l qirg‘og‘idagi sayozlikka chiqarib qo‘yilgan. Suvga tushirib, biroz ummonni sayr qildik. Shamol to‘lqinlarni, to‘lqinlar esa bizni ko‘l o‘rtasiga shoshibgina itaradi, go‘yo haqiqiy go‘zallik hali oldinda uni ko‘rmasdan ketmanglar, deyayotgandik. Lekin yurak betlamadi, qirg‘oqdan ko‘p olislay olmadik.
Cho‘l qumi antiqa bo‘ladi. Yalang oyoq yursangiz ham chang yuqmaydi. Odamni bo‘ylamaydigan qirg‘oqdagi qamishzorlarni yovvoyi qushlar makon qilgan. Xullas ming bor eshitgandan, bir bor ko‘rgan afzal. Qashqadaryo tomonlarga yo‘lingiz tushsa, albatta cho‘l bag‘ridagi Sichanko‘l ajoyibotlaridan bahra oling.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA