Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cho‘g‘urtma qishlog‘idagi qadimiy yodgorliklar qachon o‘rganiladi?
13:55 / 2025-12-24

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hududi insoniyat tarixining qadimiy manzillaridan biri sanaladi. Bu yerdan Buyuk Ipak yo‘lining muhim tarmoqlaridan biri o‘tgani manbalarda qayd etilgan. Tumandagi Cho‘g‘urtma qishlog‘i ham o‘zining arxeologik topilmalari bilan hududning boy tarixidan dalolat bermoqda.

Qishloq atrofida joylashgan tepaliklar, qadimiy qabriston va ulardan topilgan sopol parchalari, haykalchalar, tangalar hamda boshqa osori-atiqalar bu hududda islomgacha bo‘lgan davrlarda ham aholi yashab, muayyan shaharsozlik an’analari mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Mahalliy aholi tomonidan aniqlangan topilmalar miloddan avvalgi IV-III asrlardayoq G‘uzor hududida madaniy hayot shakllanganini tasdiqlaydi.

Cho‘g‘urtma qishlog‘idan chiqqan osori-atiqalar orasida but-sanamlar haykalchalari, odam suyagi dafn etilgan xumlar, sopol quvurlar va qadimiy tangalar mavjud. Bu esa mazkur hududning antik davrga mansubligini yanada oydinlashtiradi.

[gallery-26876]

Qishloqlik faxriy, iqtisod fanlari nomzodi Xalil Soatovning ta’kidlashicha, qishloq atrofidagi Sichqontepa, Qo‘rg‘ontepa, Maliki Nozim, Ulug‘tepa, Shakarbuloq kabi tepaliklar qadimiy shaharchalar qoldiqlari bo‘lishi mumkin.

– Hozir turgan tepalik Sichqontepa deb ataladi. O‘tgan asrning 20-yillarigacha bu yerda suv oqib turgan, atrofi juda so‘lim bo‘lgan. G‘uzor to‘rasi ham bu joyga dam olish uchun kelgani aytiladi. Hududdan o‘tgan karvon yo‘li Termiz va Buxoroni Qarshi hamda Shahrisabz bilan bog‘lagan. Muqanna qo‘zg‘olonidan keyin bu yerlarda hayot to‘xtagan bo‘lishi mumkin, – deydi X.Soatov.

Uning aytishicha, ayrim manbalarda Turon shohi Alp Er To‘nganing o‘g‘li Ko‘hxon qabri ham aynan shu atroflarda ekani qayd etilgan. Shu bois, arxeologlar tomonidan tizimli ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Qishloq chekkasida joylashgan qadimiy qabriston ham diqqatga sazovor. U yerda Xo‘jabosh ota ziyoratgohi mavjud bo‘lib, mahalliy manbalarga ko‘ra, Xo‘jabosh u kishining unvoni, asli ismi esa xo‘ja Abulays Subah bo‘lgan. Aytilishicha, u mazkur hududdagi otashparastlar ibodatxonasini jome masjidiga aylantirib, aholini islom diniga da’vat etgan.

Ziyoratgohga 30 yildan buyon mas’ul bo‘lib kelayotgan Bahromxon Kamolovning ta’kidlashicha, bu maskan madaniy meros jamg‘armasi ro‘yxatiga kiritilgan. Yangi qabrlar qazish jarayonida otashparastlik davriga oid odam suyaklari solingan xumlar, budda haykalchalari hamda turli dori tayyorlash idishlari topilmoqda.

– Topilmalarning aksariyati hali o‘rganilmagan. 2008 yildan buyon ularni yig‘ib, mo‘’jaz muzey tashkil qildik. Agar osori-atiqalar ilmiy jihatdan tadqiq etilsa, ajdodlarimiz tarixi yanada oydinlashar edi, – deydi u.

Ma’lum qilinishicha, ziyoratgoh atrofida 20 ga yaqin qadimiy tut daraxti mavjud bo‘lib, ekologlar tomonidan ularning eng keksalarining yoshi 1200 yil ekani aniqlangan. Biroq ushbu tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish va saqlab qolish bo‘yicha yetarli tashkiliy choralar ko‘rilmagan.

– Bu yerda yashiringan tarixiy qatlamlar o‘rganilib, kelajak avlodga yetkazilishini istaymiz, – deydi X.Soatov.

Qishloq nuroniylari ham G‘uzor tarixi Nasaf va Kesh kabi qadimiy markazlar qatorida ilmiy asosda o‘rganilishini, tepaliklar rasmiy ro‘yxatga olinib, arxeologik qazishmalar olib borilishini kutmoqda.

Samarqandlik arxeolog mutaxassislar ham topilmalar suratlari bilan tanishib, ularning antik davrga mansubligini ta’kidladi.

Shu jihatdan Cho‘g‘urtma qishlog‘idagi arxeologik topilmalar va tarixiy manzillar G‘uzor tumanining antik davrga borib taqaladigan boy o‘tmishi mavjudligini ko‘rsatmoqda. Mazkur hududni ilmiy jihatdan o‘rganish, yodgorliklarni davlat muhofazasiga olish hamda arxeologik tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish nafaqat mahalliy aholi istagi, balki milliy tarixni boyitish nuqtai nazaridan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tRprNfQYKts?si=mIzqMw9x8wB_gc7E" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari