Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chodak – turizm va obodlik maskani
09:48 / 2024-03-04

Yangi turizm yo‘nalishlari

Namangan viloyatining tog‘oldi va tog‘li hududi – Pop tumanining tog‘ bag‘rida joylashgan Chodak qishlog‘i o‘zining go‘zal tabiati va musaffo havosi bilan ko‘pchilikni o‘ziga rom etadigan maftunkor go‘shalardan biridir.

“O‘zbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan bu tog‘oldi qishlog‘ini bilganlar, unda rohatlanish uchun  oshiqayotganlar safi yil sayin kengayayotgani ham buning yaqqol tasdig‘idir. Bu yerdagi  mo‘tadil iqlim,  xususan, pasttekisliklardan 12-15 daraja farq qiluvchi salqin havo yozning jazirama kunlarida halovat qidirib qolgan insonlar uchun oromijon muhitni  hozirlashi  bilan katta ahamiyat kasb etadi.

Dengiz sathidan 2000-2100 metr balandlikda joylashgan Chodak ayniqsa, yoz mavsumida dam oluvchilar uchun tabiiy sharoiti va so‘limligi bilan sayyohlarni bag‘riga chorlaydi. Zamonaviy mehmonxonalar, kemping uylar va qator tarixiy ziyoratgohlar sayyohlarning qiziqishini yanada oshiradi.

Prezidentimizning 2021-yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilagan topshiriqlari asosida O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi Chodak qishlog‘ini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga qaratilgan qaroriga asosan mazkur go‘shada umumiy qiymati 279,1 milliard so‘mlik 257 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish borasidagi jami 98 ta loyihaga 109 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib,  yo‘l infratuzilmasi, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, irrigatsiya obyektlari hamda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlariga sarflanmoqda. Hududdagi 11 ta transformator mukammal ta’mirlanib, 32,5 kilometr masofa bo‘ylab tarmoq tortildi.  

“Chodak – kichik turizm zonasi”da zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, ko‘p qavatli turarjoy  uylari, sanoat zonasi, sport majmuasi, maktabgacha ta’lim tashkiloti va o‘quv muassasalari  uchun binolar qurish ishlari 2030-yilgacha bo‘lgan maqsadli dastur asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Turistik salohiyati yuqori bo‘lgan Chodakka turizm qishlog‘i maqomini berish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida hozirgi kunda 300 oilaviy mehmon uyi, to‘rtta dam olish maskani, uchta bolalar oromgohi, ikkita xostel, bitta kemping, 30 ta gastironomik turizm obyekti, uzunligi 300 metr bo‘lgan to‘rtta osma ko‘prik va uzunligi 50 metr bo‘lgan shishali osma ko‘prik, sun’iy sharshara, o‘rtacha uzunligi 400 metr bo‘lgan osma dor yo‘lidan iborat ekstrimal hamda yuzdan ortiq ekoturizm obyektlari faoliyat olib bormoqda. Natijada 1500 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan.

“Chir – chir momo” – mahalliy tilda “Onalar ko‘z yoshi”, Ismoil Atoiy, Boboyi Samosiy, Bo‘smat ota, Shoh Sulaymon Oq mozor buva, Shodmon bobo, Langarbuva, Bobo Yusuf Hamadoniy ziyoratgohlari, Poshsho Xo‘ja mozori va Mug‘xona, Shayx Sulaymon Mahjur maqbarasi hamda “Kelinchak tosh”, deb ataluvchi tarixiy obidalar ziyoratchilarga Chodak tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Chodakda yuzlab dam olish maskanlari mavjud, temiryo‘l  o‘tganligi, aynan Chodakning o‘zida bekat mavjudligi ham ayni muddao. Bu yurtimizning turli hududlaridan keluvchi turistlarga yana bir qulaylik hisoblanadi. “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida viloyat turizm boshqarmasi, Pop tumani hokimligi va tijorat banklari hamkorligida Guliston, Chodakboshi, Bog‘ishamol, Shayxon va Boyon mahallalarida mehmon uylari tashkil qilindi. O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan dastur asosida umumiy qiymati 120,8 milliard so‘m miqdordagi 15 ta yangi investiya loyihasi doirasida qurilish ishlari amalga oshirildi. Natijada 266 ishsiz kishining bandligi ta’minlandi. E’tiborlisi shundaki, investitsiya loyihasining to‘rttasi rossiyalik hamkorlar bilan amalga oshirilmoqda.

Chodak qishlog‘ida to‘qqizta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ularda 35 mingdan ortiq turli millat vakillari o‘zaro hamjihatlikda umrguzaronlik qilib kelishmoqda. 17 ming gektar hududni egallagan maftunkor qishloq aholisining asosiy qismini tojik millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi. Ular chorvachilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishadi. Bugunga kelib bu yerda 200 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan foydalanishga topshirilayotgan bir-biridan ko‘rkam, zamonaviy binolar ko‘chalarga fayz bag‘ishlab turgan bo‘lsa, maishiy xizmat va savdo shoxobchalari ishsizlik muammosini ham bir qadar kamaytirish imkonini bermoqda. Ishbilarmonlar va tadbirkorlar sa’y-harakati jadallashib, zamonga hamohang yashashga intilishlar kuchaymoqda. Bu  borada mahalliy tashabbuskorlar astoydil bel bog‘lashgan.

Masalan, Naimxon Abdurahimov shijoati baland ishbilarmonlardan biridir. Bir qator obyektlar, jumladan, “Kvars” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 30dan ziyod kemping uylar, Kamchiq dovonidagi “Nabixon ota” choyxonasi, “Nabixon-Naimxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ikkita sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni va suzish havzasining qurib bitkazilishi, salkam bir gektar yerda qurilgan “Kamalak” bolalar bog‘i, “Jahongir olimp sport” sog‘lomlashtirish kompleksi aynan uning sa’y-harakatlari bilan  barpo qilingan.

Guliston mahallasida yashovchi Abbosxon Polvonov ishning ko‘zini bilgan, intiluvchan, salohiyali yosh tadbirkorlardan. Yaxshi niyatlar bilan kichik biznesga kirishgan holda yashab turgan xonadonini “Oilaviy mehmon uyi”ga aylantirdi. “Nest one billur” mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibida tikuv sexi tashkil etib, ayni paytda “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 40 ayol-qizni ishga joyladi. 20 turdan ziyod ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlarini tikayotgan chevarlar tikkan mahsulotlar Samarqanddagi yirik tikuv sexi orqali Rossiyaga eksport qilinmoqda.

– Ayni paytda Namangan muhandislik-texnologiya institutida tahsil olyapman. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosiman. Hamqishloqlarim menga ishonch bildirib, tuman Kengashi deputatligiga saylashdi, – deydi Abbosxon Polvonov. – Bu ishonch ortida katta mas’uliyat borligini his qilgan holda qo‘limdan kelgancha ularni qiynayotgan masalalarda amaliy yordam beryapman. Turizm vazirining Chodakdagi vakili bo‘lish ham anchagina mas’uliyatli. Prezidentimiz farmoniga asosan “Kelajak  bunyodkori” medali bilan taqdirlanganim hayotimdagi unutilmas voqea bo‘ldi. Bu menga yanada kuch berishi asnosida o‘n karra mas’uliyat ham yuklaydi. Ishonchni oqlash uchun astoydil intilishda bo‘lishim kerak.  

Chodakning ekologik xususiyatini  ifodalagan holda qurilgan “Apart kosmos hotel”  mehmonxonasi  tabiiy usulda barpo etilgan bo‘lib, dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashganligi bilan ahamiyatli. Bu joydan 200 o‘rinli mehmonxona, 205 o‘rinli o‘tov tipidagi dam olish maskani, ovqatlanish shoxobchalari, suzish xavzasi, bolalar maydonchalari, kichik amfiteatr va sog‘lomlashtirish markazlari o‘rin olgan. Loy va somon bilan suvalgan uylar zamonaviy dizayn  asosida did bilan pardozlangan. Umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan maskan hududidagi bir qavatli mehmonxonaning har bir uyiga tabiiy tosh va loydan foydalangan holda zarur maishiy gigiyena xonalari joylashtirilgan. Devorlariga esa qishloq hayoti aks ettirilgan mohir rassomlarning suratlari namunalari ilingan. Aynan shu uyning tom qismida ochiq osmon ostidagi  zamonaviy  800 o‘rinli  restoran ham bor. Bu yerdan  qishloqning xushmanzara tabiatini  tomosha qilib, toza havosidan bahramand bo‘lish mumkin. Buning uchun sayyohlar motoparaplan moslamasida sayr qilishadi. Alpinistik mahoratini sinamoqchi bo‘lganlar e’tiborga olinib, ular uchun zaruriy moslamalar tayyorlab, taxt qilib qo‘yilgan. Sayyohlik markaziga chiqish uchun funikuler moslamasidan foydalaniladi. Qolaversa, maxsus vagonda temir yo‘l yordamida balandlikka ko‘tarilish mumkin. Noan’anaviy tarzda barpo qilingan ekomarkaz, albatta, turistlarda yorqin taassurotlar uyg‘otadi.

[gallery-16203]

Chodakning eng baland cho‘qqisida joylashgan “Mo‘jiza sharsharasi” saylgohini  Rahimxo‘ja Hasanov uch o‘g‘li bilan  barpo etibdi. “Baxt yo‘li – omad cho‘qqisi” ga  173 ta zinani bosib  yuqorilab borarkansiz, tepalikdagi musiqiy maydon sizni qarshi oladi. Ayniqsa, iyun-iyul oylari gavjum bo‘ladigan mazkur saylgohda turli ko‘ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun musiqiy diskotekalar  tashkil etiladi. Bir tog‘dan ikkinchisiga o‘tish uchun kanat, ya’ni jaydari aytganda “paqircha” sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi. Bolajonlar esa kachelalarda miriqib uchishadi. 20ga yaqin qafaslarda turli uy va yovvoyi hayvonlarni ko‘rish mumkin.

“Art Soft Holding” kompaniyasi klaster korxonasi tomonidan umumiy qiymati 9,3 milliard so‘m bo‘lgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ishga tushirilib, 200 kishi ish bilan ta’minlandi. Aynan shu maqsadda “Chodak nihol tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 320 million so‘mlik loyiha ham ishga tushirildi.

Bobomurod Tursunaliyev tashabbusi bilan bir vaqtning o‘zida 40 sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy “Ekoturizm” maskani barpo etildi. Tadbirkor O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi bilan 20 gektar maydonga 10-yillik ijara shartnomasi tuzdi. Kamoliddin Fayozov boshchiligidagi “Oqtepa xaus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 5 milliard so‘mga teng oltita kottej foydalanishga topshirildi. Yana bir ishbilarmon yigit Iskandar Madg‘oziyev ham Sirdaryo sohilida  umumiy qiymati 4 milliard so‘mlik mehmonxona va dam olish maskani tashkil etdi.

Qayd etish joizki, so‘nggi yetti yilda Chodakda turizmni rivojlantirish borasida salmoqli ijobiy ishlar qilindi. Aytish kerakki, 2017-yilda birgina “Ramz” mehmonxonasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mehmonxonalar soni o‘nga yaqinlashdi. Ayni paytda Chodakda 430 ta dam olish maskani va mehmon uyi qurildi.

Qishloq xo‘jaligi borasida esa “Agro Pop” mas’uliyati cheklangan jamiyati istiqbolli loyihani amalga oshirdi, ya’ni 50 gektar yer maydonida bog‘dorchilik xo‘jaligi tashkil qilinib, tik  qudug‘i va tomchilab sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi.

Qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 7 milliard so‘mga teng, 800 ming kub/metr sig‘imga ega yangi barpo etilayotgan “Guliston” suv saqlash ombori qurilishi natijasida 40 mingga yaqin aholiga suv yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, suvni kimyoviy tozalash qurilmasi o‘rnatilib, mexanik tozalov filtri rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari, 87 kilometr masofaga ichki va asosiy tarmoq tortilib, xonadonlarga suv hisoblagichlar o‘rnatiladi.

Aholisi zich bo‘lgan chodakliklar uchun 2 ta 6 qavatli 40 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar barpo etilib, ipoteka krediti asosida uy-joyga ehtiyojmand fuqarolarga taqdim etildi. Bu xalqimizning zamonaviy turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qayd etish joiz, Chodak turizm qishlog‘ida mahalliy va xorijiy turistlar uchun “Chodak-Arshanbuloq” yo‘nalishi bo‘ylab ekskursiyalar tashkil etish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Qolaversa, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosini tashkil qilish hisobidan aholi daromadlarini oshirishga ahamiyat qaratish zarur.  

Chodak markazida gid-ekskursiya yetakchisi va turoperator xizmatlari markazini tashkil etish ayni muddao. Bu axborot markazida Chodakdagi turizm obyektlari, oilaviy mehmon uylari, turistik marshrutlar, transport xizmati, turli xizmatlar va yaqin hududlardagi maskanlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishini inobatga olish maqsadga muvofiq.

Darhaqiqat, bugun o‘zining sof havosi, shifobaxsh suvi, go‘zal va maftunkor tabiati bilan sayyohlar e’tiborini jalb etayotgan Chodak ko‘rkamlashayotgan qiyofasi-yu odamlar kayfiyatidagi ko‘tarinkilik, g‘ayrat-shijoat, ezgu maqsadlar bilan chin ma’noda rivojlanayotgan maskanlardan biriga aylandi.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri