Choʻzilgan qoʻrquv. Hokimlarni saylash boʻyicha tajriba-sinov oʻtkazish kerak
Boshqaruvni tubdan isloh etmasdan, yaʼni fuqarolarning oʻziga ishonchi, irodasini oshirmasdan, quyi pogʻonalardagi muammolarni samarali hal etib boʻlmaydi.
Boshqaruvni tubdan isloh etmasdan, yaʼni fuqarolarning oʻziga ishonchi, irodasini oshirmasdan, quyi pogʻonalardagi muammolarni samarali hal etib boʻlmaydi. “Mening fikrim” portalida hokimlarni saylash amaliyotiga oʻtish haqidagi petitsiyani 31 mingdan ortiq hamyurtimiz qoʻllab-quvvatlaganini eski xavotir kayfiyatida emas, xursandchilik bilan qabul qilish kerak.
Prezident parlamentga Murojaatnomada shu bilan bogʻliq gʻoyani dadil va aniq aytdi. Yaʼni, jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskoriga aylanishi lozim. Bu gʻoyaga eng toʻgʻri keladigan tabiiy tashabbuslardan biri hokimlarni saylashdir.
Bu masalada oxirgi paytda ikki xil qarash qayiqni qarama-qarshi ikki tomonga tortayotgandek taassurot paydo boʻlyapti. Birinchisi yangilik kutayotgan boʻlsa, ikkinchisi “hali emas, vaqti emas”, deb panada turib maslahatga, tormozga oshiqmoqda. Ikkinchi tomon ochiqcha fikr bildirishdan choʻchiyotgandek. Ehtimol shuning uchun hokimlarni saylashga oʻtish haqida sogʻlom muloqot yoʻq. Hozir faqat birinchi tomon gapiryapti, xolos. Har qanday tashabbus uzoq vaqt javobsiz qolishi tushkunlikni chuqurlashtirishi mumkin.
Odam umrida koʻrmagan narsaning foydasi yoki ziyoni haqida toʻgʻri fikr bildirishi mumkinmi? Oʻzbekistonda hech kim hokimlarni saylash qanday boʻlishini bilmaydi. Bu qanday natijalarga olib kelishi haqida haqiqatga eng yaqin taxminni ham bera olmaydi. Buning nimaligi va qanday boʻlishini harakatni boshlagandan keyingina bilish mumkin.
Nima uchun tashabbus kutilyapti? Chunki amaldagi tizim oʻsishga, yuksalishga xizmat qilmayapti, borgan sari qotib qolyapti. Shuning uchun hozirgi tartibni saylash tartibidan yaxshiroq deb aytolmaymiz. Aytsak ham ishonch bilan asoslay olmaymiz.
Keyin tushunish qiyin, hokimlarni saylash mavzusidan qochish orqali nimadan saqlanmoqchi boʻlamiz oʻzi?.. Hukumatning joylarda taʼsiri kamayishi, qoʻli qisqarishidanmi?..
Ayrim tumanlarda muammolar kuchayib ketgandan keyin holatni oʻnglash uchun hukumat tomonidan “katta tez yordam” yuborilyapti. Baʼzi hududlarda hokimiyat boshqaruvi degan tushuncha mohiyati kuchsizlanib ketgan boʻlishi mumkin. Nega “mumkin”, chunki bunday holatlarga tashhis qoʻyadigan tizim hozircha yoʻq.
Baʼzi bir tumanlarda hokimiyat biznesga oid manfaatlar uchun astoydil harakat qiladigan uddaburonlar ahillashgan tijorat tashkilotiga oʻxshab qolmadimi? Hokim(iyat)larning klaster(lar) bilan tortishuvlari koʻp narsani anglashga yordam berishi mumkin. Hokimiyat manfaatga berilib ketishi yomon oqibatlarga olib keladi.
Joylarda muammolar koʻpaysa, hokimiyat faol, yarataman, ishlayman, deb intilgan odamlarga qonun talab qiladigan darajada sharoit yaratib berish masʼuliyatidan uzoqlashsa, davlatning boshqa idoralari faoliyatiga taʼsir koʻrsatib, huquqlarga daxl qilsa, vaziyat yana-da ogʻirlashishi mumkin.
Yana bir oʻta ehtiyotkor, har qanday yangilikka toʻgʻri shubha bilan qaraydigan toifa borki, ular hokimlarni saylash keskinlikni oshirishi, turli vositalardan foydalanish orqali tor manfaatlarni oʻylaydigan noloyiq kishilar hokimga aylanib olishi, xaos yuzaga kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Toʻgʻri, baʼzi hududlarda shunday holat roʻy berishi mumkin.
Lekin hozir vaziyat undan yaxshiroqmi? Tor manfaatlar uchun zimdan intilayotgan, qimmatli manbalarni samarasiz sarflayotgan, odamlarning imkoniyatlarini qirqayotgan hokimlar yoʻqmi?
Saylov kim xohlaganini qiladigan tartibsiz, yovvoyi jarayon emas. U bilan bogʻliq qoidalar qonunda belgilangan, ulardan chetga chiqilganda huquq tartibot idoralari qonun talabi va ijrosini taʼminlay oladi. Bu masalada koʻngilni kengroq tutib munosabatda boʻlishimiz kerak.
Davlat degani xalq taqdiri bilan uygʻun, muqaddas tushuncha. Davlatni manfaatlar emas, qadriyatlar tutib turmasa... eng yumshoq aytganda, uyat boʻladi. Muammoni tan olmaslik, koʻz yumish bilan ahvolni oʻnglash mumkin boʻlganda, koʻp-koʻp yaxshiliklar koʻrilardi.
Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisidagi qonun davlatchiligimiz asoslarini tashkil etadigan qonunlardan biri. Uni oʻqib, vaziyatni tushunish uchun katta olim boʻlish shart emas. Mazkur qonunning 24-moddasida xalq vakillari – xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlariga eʼtibor berilsa, mohiyat darrov tushuniladi. Vakolatlarning oxiri “koʻrib chiqish hamda tasdiqlash”, “tinglash”, “tasdiqlash”, “rozilik berish”, “eshitish”, degan soʻzlar bilan yakunlanadi. Xalq vakillariga hurmat shu soʻzlar bilan tugaydi. Bunday meʼyorlar qaygʻuli eshitiladi.
Mahalliy darajada vakillik va ijro hokimiyati munosabatlarida tiyib turish mexanizmini joriy etish zarurati oshib bormoqda. Deputatlar hokimga taʼsir koʻrsatishi boʻyicha taʼsirchan mexanizmning yoʻqligi ham joylarda hokimliklar faoliyati boʻyicha muammoli holatlar koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Joylardagi qiyin vaziyatlar tepadan hal etib kelinyapti. Lekin bu bilan oʻsish boʻlmayapti. Hokimiyat maʼrifatli boʻlmagan joyda odamlar maʼrifatli boʻlishini kutish qanchalik toʻgʻri boʻladi?..
Xullas, gapirsa, gap oz emas. Fikrlar esa turlicha. Bunday paytda eng yaxshi chora sinab koʻrib, tajriba qilish. Demak, taklif: infratuzilma imkoniyatlari rivojlangan, yaʼni asosan yirik shahar yoki shahardagi tumanlarda hokimlarni saylash boʻyicha eksperiment, yaʼni tajriba tashkil etish kerak. Bu jarayon toʻliq erkin, tabiiy shakl va mazmunda boʻlishi juda muhim.
Bunday tajriba-sinov natijalari keng va chuqur tahlil etilsa, davlatchiligimizda yangi davrni boshlash boʻyicha oʻta qimmatli tajribaga ega boʻlardik.
Saylovga xavotir bilan emas, yangi imkoniyat degan munosabat bilan yondashish kerak. Koʻhna dunyo sabogʻi uqtiradiki, saylovli jamiyatgina sogʻlom jamiyat boʻladi. Jarayonlar, hayot tabiiy boʻlmagan jamiyat unib-oʻsmaydi, fikrlash, intilishdan toʻxtab, bir joyda qotib qoladi.
Toʻlqin Toʻraxonov,
OʻzXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati rahbari