Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Choʻpon bobo pensiyasini 4 yildan keyin oldi
12:05 / 2020-07-16

A.Yeshmuratov Navoiy viloyatining Tomdi tumanida istiqomat qiladi.


A.Yeshmuratov Navoiy viloyatining Tomdi tumanida istiqomat qiladi. U kishi yashaydigan hudud tuman markazidan 100 chaqirim narida – “Keregetau” ovul fuqarolar yigʻini. U yerda aholi asosan chorvachilik bilan shugʻullanadi. Biz soʻz boshlagan otaxon ham choʻpon.

Tomdi tuman adliya boʻlimi masʼullari uyma-uy yurish jarayonida u kishi bilan tanishib, murojaatini tingladi. Navoiy viloyati adliya boshqarmasi axborot xizmatidan xabar berishicha, A.Yeshmuratovning pensiyaga chiqqaniga 4 yil toʻlgan boʻlsada, biror marta pensiya pulini olmagan.

– Tomdi tumanidagi savxozlardan birida 1977-yildan 1997-yilgacha payvandlovchi (svarshik) boʻlib ishlaganman, – deydi A.Yeshmuratov. – Keyinchalik u tashkilot yopildi. Toʻgʻrisi, shundan soʻng biror davlat idorasiga ishga kirganim yoʻq. Choʻponlik ortidan roʻzgʻor tebratdim. Ammo pensiya yoshiga yetganimda ishlaganimni tasdiqlovchi hujjatlarim toʻliq boʻlmagani uchun pensiya puli ololmadim.

Qonunchilikka koʻra, pensiya puli xodimning ishlagan davrida pensiya jamgʻarmasiga toʻlab borgan sugʻurta badallari asosida hisoblanadi. Shuning uchun odatda fuqarolar pensiyaga chiqayotgan vaqtda ishlagan joylaridan pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagani toʻgʻrisida maʼlumotnomalar yigʻadilar.

– Baʼzi tashkilotlar bundan bir necha 10 yil oldin yopilib ketgan. Ana shunday tashkilotlarda ishlagan fuqarolarning sugʻurta badallarini toʻlaganini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni olish qiyin, – deydi Tomdi tuman adliya boʻlimi boshligʻi Rustam Barakayev. – Shu sabab baʼzida, bunday shaxslarning pensiyalarini hisoblayotganda ish stajlarini qoʻshmay yozish holatlari kuzatiladi. Ammo Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi” toʻgʻrisidagi qarorida ish stajini hisoblashda mehnat daftarchalari, ular boʻlmaganda korxonaning boshqa hujjatlari yoki arxiv va statistikadan olingan maʼlumotlar asos boʻlib xizmat qilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Tuman adliya boʻlimi tomonidan A.Yeshmuratovning 20 yillik ish staji borligini tasdiqlash uchun arxiv va statistika tashkilotlaridan asoslantiruvchi hujjatlar yigʻildi. Shundan soʻng, tuman maʼmuriy sudiga shikoyat arizasi kiritilib fuqaro murojaati qanoatlantirildi.

26 yillik ish stajiga ega Bilal Tajenov ham ana shunday masala bilan murojaat qilgan edi. U 1974-yildan 2000-yilgacha “GPZ TOMDI” savxozida ish faoliyatini olib borgan. Ayni paytda tashkilot tugatilgan. Tuman adliya boʻlimi aralashuvi bilan mazkur murojaat ham ijobiy hal etilib, otaxon pensiya pullarini olmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Tomdi tuman adliya boʻlimi tomonidan 2019-yil va joriy yilning shu davriga qadar 30 nafardan ortiq fuqarolarga pensiya masalalari boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilgan.