Cho Chol Chyon: Maqsadim – har yili O‘zbekiston Prezidenti faoliyatiga bag‘ishlangan asar yozish
Bu galgi davlat tashrifi taassurotlarga boy bo‘ldi. Tashrif yakunida Janubiy Koreya Milliy muzeyida ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In quchoqlashib, bir-biriga “brother” (aka) deb murojaat qilishdi. Bunday qadrdonlikni kuzatgan koreys xalqi O‘zbekiston va Janubiy Koreya “og‘a-ini” davlatlar ekaniga amin bo‘ldi.
Bu galgi davlat tashrifi taassurotlarga boy bo‘ldi. Tashrif yakunida Janubiy Koreya Milliy muzeyida ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In quchoqlashib, bir-biriga “brother” (aka) deb murojaat qilishdi. Bunday qadrdonlikni kuzatgan koreys xalqi O‘zbekiston va Janubiy Koreya “og‘a-ini” davlatlar ekaniga amin bo‘ldi.Og‘a-inilarning har ikkisi ham farovon hayot kechirishi kerak. Koreyada qadimdan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bir rivoyat bor. Unda aka-uka birgalikda ekin ekib, mehnat qilib, hosil yig‘ish mavsumi kelganda ukasi “akajon, siz hosildan ko‘proq oling” desa, akasi “yo‘q, uka, sen ko‘proq olishing kerak”, deb g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani haqida hikoya qilinadi. Xuddi shu kabi og‘a-iniday bo‘lib qolgan ikki mamlakat ham bir-biriga g‘amxo‘r bo‘lib, totuvlikda yaxshi yashashi kerak, deguvchilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Men ham xuddi shu fikrdaman. Janubiy Koreya iqtisodiyoti hozirgi kuch-qudratga to‘lgan paytda hukumatimizning ham, xususiy kompaniyalarning ham O‘zbekistonga yanada ko‘proq rag‘bat ko‘rsatishiga tilakdoshman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari haqidagi asar muallifi ekanimdan juda faxrlanaman. Janob Prezident va u kishining rafiqasi haqida butun koreys xalqi ijobiy fikrda ekani bois kaminaga ham har tomondan maqtovlar yog‘ilmoqda. AQSHda yashaydigan bir do‘stim kitobni ko‘rib, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarini samimiy so‘zlar bilan tilga olishini aytdi. O‘zbekiston rahbarining sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi hamda Janubiy Koreyaga davlat tashrifidan so‘ng u kishiga bo‘lgan hurmat va e’tibor yanada oshdi, deydi tanishim.
Bu kabi ijobiy fikrlarni Xitoyning Shanxay shahrida ta’lim olayotgan o‘g‘limdan ham ko‘p eshitdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari sabab nafaqat o‘zbekistonlik talabalar, balki butun Markaziy Osiyodan kelib o‘qiyotgan yoshlar bilan ham yaqin do‘st bo‘lib qoldik, deydi u. Germaniyalik professor hube (koreys tilida o‘zidan kichikka shunday murojaat qilinadi) do‘stim dunyo siyosat maydoniga kirib kelgan buyuk yetakchi haqida kitob yozgan sonbe (koreys tilida o‘zidan kattaga shunday murojaat qilinadi) do‘stim bilan faxrlanib ketyapman, deganida asar muallifi sifatida quvonchim ichimga sig‘madi.
O‘zbekiston haqidagi taassurotlarim
Kitobimning kirish qismida shunday so‘zlar bor: “Islom Karimov machiti yonidagi avtobus bekatidan harakatlanadigan 93-avtobus Toshkent temir yo‘l vokzaligacha qatnaydi. 22-avtobus esa Janubiy koreyaliklarning O‘zbekistondagi uyushmasi oldidan aylanib Toshkent temir yo‘l vokzaliga boradi. 93-avtobus katta avtomobil yo‘lidan harakatlansa, 22-avtobusni bizdagi mail avtobusi (Koreyaning aholi zich joylashgan hududlari bo‘ylab harakatlanadigan kichik hajmli avtobuslar) deb tushunsa bo‘ladi.
Toshkentda yashagan kezlarim tez-tez shahar avtobuslarida qatnadim. Birinchidan, o‘zim yashayotgan zaminning odami bo‘lishni xohlardim. Ikkinchidan, mahalliy aholining kundalik hayoti bilan tanishish men uchun juda qiziqarli edi. Va nihoyat, uchinchi sabab – avtobusda menga joy bo‘shatib berishganda g‘oyat mamnun bo‘lib ketardim.
40 yoshimda sochim oqargan. Shuning “sharofati” bilanmi, haqiqiy yoshimdan o‘n-o‘n ikki yoshga ulug‘roq ko‘rinaman. Joy bo‘shatib berishganda e’tirozsiz qabul qilganim mening tomonimdan biroz andishasizlik, albatta. Ammo zavqi boshqacha edi-da. Qachonlardir yo‘qotib qo‘ygan bir bo‘lagim shu yerda edi. Buni bilgan odamgina tushunadi. Yoshlik yillarida sayrda tushgan suratingizga ancha vaqt o‘tgandan keyin qaraganingizda tuyadigan, qalbingizning ich-ichigacha yetib boradigan shodlik.
Kattalarga hurmat bu xalqning qon-qoniga singib ketgan. Bolajonligi ham shunday. Chaqalog‘ini qo‘liga ko‘tarib avtobusga chiqqan ayolga yoshi saksonga borib qolgan chol ham joy beradi. Qo‘lingizda xarid xaltalari bo‘lsa, o‘tirgan odamlarning biri qo‘lingizdan oladi. Hatto o‘quvchi qizaloqlarning kichkina kitob sumkalari ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Avtobus oynasidan erta kuz quyoshi ko‘zni qamashtirmoqda. Quyosh nurlari ostida zangorlanib serdaraxt ko‘chalar ko‘rinadi. Daraxtlar atrofida ko‘chani supurib-sidirayotgan odamlar. Shu payt bir vatandoshimizning O‘zbekistonga sayohati haqida o‘z internet sahifasida qoldirgan sayoz bir gapi esimga tushib, kayfiyatim buziladi: “U yerda eng ko‘p uchratgan ikki guruh odamlarimdan biri ko‘chalarni sarishtalayotgan odamlar bo‘lsa, ikkinchisi militsiya xodimlari edi”.
Ozodalik va tozalik bu insonlarning hayot tarziga aylangan. Bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha uyining atrofini, ko‘chani supuradi, ozoda qiladi. Ko‘zga tushadigan biror-bir g‘ubor yo‘q".
Kitobni yozishda yaqindan yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston ahli
“Men koreyalik yozuvchiman, Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari noyabr oyida vatanimizga davlat tashrifi bilan borishi rejalashtirilgan, bu inson haqida kitob yozmoqchiman”, deganimda juda ko‘p insonar menga yaqindan yordam berdi. Ular bilan qilgan suhbatlarimning aksariyati kitobga kirgan. Ular Prezident janoblarining mamlakatni isloh qilish siyosatini samimiy baholab, O‘zbekiston tez orada jahonning rivojlangan davlatlari qatoriga kirishiga ishonadigan, iftixor bilan to‘lib-toshayotgan insonlar edi.
Yana bir minnatdorligimni bildirmoqchi bo‘lgan inson “Uz Kor Economy" gazetasining Toshkentdagi xodimi Nodira Azizovadir. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda koreys filologiyasini o‘rganib, mazkur oliy o‘quv yurtining iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olgan Nodira TOPIK (Koreys tili darajasini aniqlovchi xalqaro imtihon) imtihonida eng yuqori 6-darajaga ega mutaxassisdir. U intervyu olishga, ko‘plab materiallarni o‘zbek va rus tillaridan tarjima qilishga katta yordam berdi.
Kelgusi rejalarim
Oldimga qo‘ygan ikkita katta maqsadim bor. Shundan biri har yili Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga bag‘ishlangan asar nashr etib borish. Bu insonning serqirra faoliyatini qancha tahlil qilsang kam. Kitobimning Qirg‘iziston bilan chegara muammosining hal etilishiga bag‘ishlangan qismida 2017 yil jahondagi tinchlikka hissa qo‘shgani uchun Nobel mukofotining haqiqiy sovrindorlari sifatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarini tushunishimni alohida ta’kidlab o‘tganman. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan chegara muammosini hal etish barobarida Toshkent va Dushanbe shaharlarini bog‘laydigan havo yo‘lini qayta yo‘lga qo‘ygan, Turkmaniston bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘targan insondir. Mening fikrimcha, aynan shunday inson xalqaro hamjamiyatning yuksak e’tirofi va jahondagi tinchlikka qo‘shgan hissasi uchun Nobel mukofoti sovrindori bo‘lishga munosib. Shu bois, Prezident janoblarining faoliyatiga bag‘ishlangan tahliliy asarlarni har yili nashr etib, erishilayotgan yutuqlarni xalqaro hamjamiyatga keng yoyishdek ulkan maqsadim bor. Ayniqsa, davlat tashrifidan so‘ng Yevropa davlatlari, AQSH va Xitoydan bu inson haqida ijobiy fikrlarni eshitishga muvaffaq bo‘lib, maqsadim yanada qat’iylashdi.
Yana bir maqsadim – ikki mamlakat madaniy almashinuviga hissa qo‘shishdir. Men ham yozuvchi, ham jurnalist, ham noshirman. 2005-2016-yillarda ko‘plab xalqaro kitob ko‘rgazmalarida muxbir sifatida ishtirok etib, Koreya yarim oroli ikkiga bo‘linib ketgandan buyon birinchi marta 2005-yili Pxenyanda bo‘lib o‘tgan Janubiy va Shimoliy Koreya yozuvchilari ko‘rik-tanlovida muxbirlik qilish bilan birga, Osiyo va Afrika yozuvchilarining keng miqyosdagi tadbirlarida ham qatnashdim. Shuningdek, so‘nggi 4 yil davomida dunyodagi kitob va nashrlarga bag‘ishlangan birinchi 24 soatlik kabel televideniyesi rahbari sifatida ishladim. Bu faoliyatim orqali Janubiy Koreya va jahonning bir necha mamlakati o‘rtasida nashriyot sohasida tajriba almashinuviga yaqindan yordam ko‘rsatib, yangi-yangi nashriyot mahsulotlarini yoritib, Janubiy Koreyadagi kitobxonlik madaniyatini jonlantirishga o‘z hissamni qo‘shdim. Buning natijasi o‘laroq, 2014-yilda nashriyot sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlarim uchun Koreya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan mukofot bilan taqdirlandim.
Kitobda aytib o‘tganimdek, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir oy o‘tib, 2017-yil 12-yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi e’lon qilindi. Shuningdek, Prezident janoblari mamlakat viloyatlariga har tashrifi davomida kutubxona qurilishi rejalashtirilgan joylarga ham shaxsan boradi, “kitobni yaxshi ko‘rgan xalq Vatanni ham qadrlaydi”, deb ta’kidlaydi. Shular qatorida o‘zbek xalqining mashhur shoiri Abdulla Oripov yodgorlik majmuasini barpo etish to‘g‘risida bergan ko‘rsatmalaridan ham bu insonning ma’naviy dunyosi naqadar boyligiga amin bo‘ldim. Nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-ma’rifiy jihatdan ham qudratli davlat barpo etish yo‘lida ko‘plab ishlarni amalga oshirayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga bo‘lgan hurmatim kitobni qadrlaydigan davlat rahbari sifatidagi jihatlarida yanada ortib bormoqda.
Cho Chol Chyon,
Janubiy Koreyada koreys tilida nashr etilgan
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev» nomli kitob muallifi,
“Uz Kor media group” kompaniyasi muharriri.