Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chjou Men: O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun juda qulay davlat
23:42 / 2024-05-26

Xitoy Xalq Respublikasi iqtisodiyoti yuksak darajada rivojlangan, ayniqsa ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik kabi sohalar taraqqiy etgan dunyodagi qudratli davlatlardan biri. 

Ushbu mamlakatning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Xorgos shaharchasi bo‘ylab Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan jurnalistlar uchun tashkil etilgan ekskursiya davomida bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Bir necha obe’kt – muzey, ishlab chiqarish korxonalari, chegaradan o‘tish joyida bo‘lgan hamkasblarimiz o‘zgacha taassurot olishdi. Boisi, har bir manzil zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan, ish eng ilg‘or tajriba asosida yo‘lga qo‘yilgan. Kuzatib, shunday xulosaga keldimki, bu yerda har bir xodim – rahbardan oddiy ishchigacha, hamma qilayotgan ishiga chuqur mas’uliyat bilan yondashadi, tartib, intizomga qat’iy amal qiladi, belgilangan vazifani vijdonan bajaradi. Chin diyori shu darajada rivojlanishi xitoy xalqining ayni fazilatlari tufayli bo‘lsa, ajabmas.

Press-tur davomida “Xinjiang Natural Fragranse Agrecultural Science and Technology Co. Ltd” faoliyati bilan ham tanishdik. 2021 yil tashkil etilgan mazkur kompaniya steviya urug‘ini yetishtirish, ekish, birlamchi va chuqur qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Eksportga yo‘naltirilgan yuqori texnologiyali korxonada o‘simlik navi ko‘paytiriladi, shu yo‘nalishda tadqiqot olib boriladi, tabiiy, foydali mahsulot ishlab chiqariladi. O‘n turdagi mahsulotning 40 foizi ichki bozorga, qolgani eksportga chiqadi. Steviyadan insulin ishlab chikarish quvvati bo‘yicha kompaniya dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Jami 7 ming gektar joyda o‘stirilayotgan o‘simlikdan yilliga 18 ming tonna mahsulot tayyorlanadi. Steviya ko‘chatidan olinadigan shakar yuz foiz tabiiy, oddiy shakardan farqi – tarkibida qo‘shimcha kaloriya yo‘q. Binobarin, shakarning zararli tomoni aynan tarkibida mavjud konsentratlar bilan bog‘liq. Ya’ni, shirinlik kishini semirtiradi, hazm jarayonini qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham mutaxassislar shakarni ko‘p iste’mol qilmaslikni tavsiya etadi. Aytishlaricha, steviya shakari bezarar, hatto qandli dibet xastaligiga chalinganlar uchun foydali ham ekan.

“Xinjiang Natural Fragranse Agrecultural Science and Technology Co. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Chjou Menni suhbatga chorlaganimizda, “O‘zbekistondanmisiz?” deya so‘radi va mamlakatimiz haqida juda iliq fikr bildirdi:

-O‘zbekistonga ko‘p borganman, mamlakatingiz menda yaxshi taassurot qoldirgan. Yeri unumdor, iqlimi mo‘’tadil yurtning ulkan bozori, ayniqsa investorlar uchun yaratilgan qulay sharoit menga ma’qul kelgan. Xalqingiz mehnatkash, halol. Yaqin kelajakda O‘zbekistonda kompaniya filialini ochib, steviya o‘stirishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Qo‘shimcha kaloriyasiz shakar o‘zbek xalqi uchun juda zarur. Hamkorlik natijasida sifatli mahsulot ishlab chikarib, nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish ham mumkin. Ko‘plab o‘zbek tadbirkor do‘stlarim bilan gaplashib, fikr almashib turaman. Samarqand, Buxoro, Xiva singari shaharlarga tez-tezborib turaman, tarixingiz, madaniyatingizni hurmat qilman. Sayohatdan ma’naviy ozuqa olaman. Bir so‘z bilan aytganda, diyoringiz hamkorlik qilish, sarmoya kiritish uchun juda qulay. Shu imkoniyatdan foydalanmoqchiman.

Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bo‘ylab sayohatimiz davomida xitoyliklardan mamlakatimiz haqida ko‘p ijobiy fikr eshitdik. Ayniqsa, ishbilarmon doira vakillari respublikamizni iliq ta’riflab, hamkorlik bo‘yicha rejalari haqida so‘zlab berishdi. Demak, ayni mavzudagi maqolalarimiz davom etadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Xitoy, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni