Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiroyli sarob ortidagi vayrona
10:27 / 2020-07-25

Sarob choʻlda boʻlishi haqida ilgari badiiy kitoblarda oʻqir edik. Hozir esa sarobning turi koʻpayib ketgandek...


Sarob choʻlda boʻlishi haqida ilgari badiiy kitoblarda oʻqir edik. Hozir esa sarobning turi koʻpayib ketgandek...

Uzoqdan qaraganda chiroyli boʻlib koʻrinadigan, oʻziga tortadigan omillar, yaʼni yaxshi ish, yaxshi hayot, yaxshi maosh, yaxshi... Qisqasi, hamma yaxshi narsalar odamlar koʻziga uzoqlarda koʻrina boshladi.

Rossiyaning Krasnodar oʻlkasiga otlangan bir guruh yurtdoshlarimiz hali oʻzlari koʻrmagan joy, vaʼda qilingan ishni chiroyli (sarob yangligʻ) tasavvur qilishgan edi. Hali yetib bormaslaridan burun minglab dollarni hayollarida sanay boshlashgan edi, hatto.

Axir yoʻl haqini toʻlaydigan, patent rasmiylashtirib beradigan, hatto turrarjoyni hal qilib qoʻygan “mehribon” ish beruvchi kamida ming dollar maosh toʻlamasa, oʻlibdimi?..

Aytilgan manzilga yetib borishlari bilan ularning qoʻlidan pasportlari patent rasmiylashtirish bahonasida olib qoʻyildi. Chiqindilar poligoni darvozasi ochilib, ular ichkariga kiritildi va darvoza yana yopildi.

Aynan shu nuqtada mehnat muhojirlarining ish bilan bogʻliq tasavvuriga nuqta qoʻyildi. Hayollarida chiroyli boʻlib koʻringan sarobning ortida shu vayrona – chiqindixona borligini ular oʻz koʻzlari bilan koʻrib turgan edi.

Ular bu yerda ishlashni hohlaydimi-yoʻqmi, rozimi-norozimi, buning hech kimga qizigʻi yoʻq edi. Achinarlisi, baqirsa ham ularning ovozini birov eshitmasdi. Chunki bepoyon oʻrmon yonidagi bu chiqindixonaning atrofi kimsasiz kenglik edi. Faqat shu yerda qorovul boʻlib ishlovchi uch-toʻrt kishi olib kelingan ishchilarni nazorat qilar edi.

Ularni turli vaʼdalar berib ishontirgan, oʻzi yoʻl boshlab olib kelgan shaxs esa korxona egasiga ishchilarni topshirib, buning evaziga moʻmay pul olib, juftakni rostlagan edi.

Ishchilarning vazifasi chiqindilarni saralash, turiga qarab ajratib taxlash edi.

Avvaliga ishlashni xohlamaganlar nazoratchilarning majburlashi, kaltaklaridan keyin hovuridan tushib, buyruqni bajarishga majbur boʻldi. Eng yomoni, ishchilar shu yerning oʻzida qorin toʻqlashi, kechasi uxlashga majbur etildi.

Oʻshanda 2019-yilning sentyabr oyi edi. Havo harorati ancha pasaygan, ishchilar kechalari sovuqqotib qolishardi. Ammo ularning dardi bilan birovning ishi boʻlmadi. Achinarlisi, chiqindilardan isteʼmol qilish oqibatida ular birin-ketin kasal boʻla boshladi.

Ular bu jahannamdan qutilish chorasini qidirishar, lekin hech chora topa olmasdi. Kunlardan bir kuni ishchilardan birinazoratchining telefon apparati orqali uyiga qoʻngʻiroq qilishga muvaffaq boʻldi. Qiziga vaziyatni tushuntirib, qutqarish chorasini koʻrish kerakligini aytadi.

Otasining qulikka tushib qolganidan xabar topgan Aziza avvaliga nima qilishini bilmay boshi qotdi. Chunki otasi ketgan joyning manzilini aniq bilmas, aksiga olib qoʻngʻiroq yashirinraqamdan qilingan edi. Faqat u “Krasnodar” degan soʻzni bilardi, xolos.

Odam qulikka tushganda nima qilish kerakligi haqida u internetga soʻrov yuborib koʻrdi. Shunda u odam savdosiga qarshi kurashuvchi “Istiqbolli avlod” tashkilotining “Dolzarb aloqa tarmogʻi” borligini aniqladi. Darhol koʻrsatilgan raqamga qoʻngʻiroq qilib, otasi haqida maʼlum qildi.

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi Qashqadaryo viloyati filiali xodimlari Aziza bilan bogʻlanib, otasi qachon, qanday yoʻl bilan, kimlar bilan Rossiyaga ketgani kabi savollarga aniqlik kiritdi.

Toʻplangan maʼlumotlar asosida mutaxassislar 2019-yil 22-oktyabr kuni Krasnodar oʻlkasining Ombudsmaniga Oʻzbekiston fuqarolariga yordam berish, ularni qullikka mahkum etgan shaxslarni aniqlash va chora koʻrish boʻyicha rasmiy ravishda murojaat yoʻlladi.

Murojaat yetib borganidan soʻng Ombudsman uni Krasnodar oʻlkasi politsiyasiga taqdim etib, vaziyatni aniqlashni soʻrgan. Ular tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari natijasida chiqindixonada ishlayotgan 14 oʻzbekistonlik aniqlangan va ular shu kuniyoq qutqarilgan.

Politsiya muhojirlarni maxsus vaqtinchalik saqlash manziliga joylashtirish bilan birga ish beruvchiga faoliyati bilan bogʻliq tekshiruv ishlarini boshladi.

Ushbu ish boʻyicha tekshiruv, tergov ishlari uzoq davom etdi. Faqat 2020-yil aprel oyiga kelib ish beruvchining aybi toʻliq isbotlandi va jazoga tortildi. Odam savdogarlari qoʻlida aziyat chekkan fuqarolar charter reys yoʻlovchilari roʻyxatiga kiritildi.

Ammo karantin boshlanib ketgani, yurtimizga qaytayotganlar soni koʻpayib ketgani uchun oʻsha 14 yurtdoshimiz yana uch oy kutishga majbur boʻldi. Nihoyat ular yaqinda Oʻzbekistonga charter reys orqali uchib keldi. Hozir esa ular karantin zonasida.

Toʻrt nafari qashqadaryolik, oʻn nafari buxorolik boʻlganbu jabrlanuvchilar oʻzlarini quldek sotgan shaxs haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maʼlum qiladi, deganumiddamiz. Chunki kalavaning bir uchi aniqlanib, jazoga tortilgan, ikkinchi uchi haqida esa hozircha maʼlumot yoʻq.

Darvoqe, odam savdosiga qarshi kurshuvchi “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti 2019-yil va joriy yilning oʻtgan davrida mingdan ortiq yurtdoshimizni qullikdan qutqarib, Oʻzbekistonga qaytishiga koʻmaklashdi.

Yana minglab yurtdoshlarimiz “Istiqbolli avlod” tashkiloti xodimlari, volonyorlarining ogohlikka chorlovchi chiqishlari tufayli odam savdosidan xabardor boʻldi va bu chohdan oʻzlarini asrab qoldi.

Siz ham doim oʻzingizni asrang, zamonaviy qullik, yaʼni odam savdosidek manfur jinoyat borligini, turli aldov yoʻllari bilan odamlar uning qurboniga aylantirilishi mumkinligini esdan chiqarmang!