Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiroqchidagi 300 dan ortiq xonadonda bir yilda 10 ming tonna baliq yetishtirildi
19:21 / 2025-05-16

FOTOREPORTAJ

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyat hokimligi hamkorligida aholi xonadonlarida baliq yetishtirish samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda respublikaning turli hududlaridan kelgan baliqchilik korxonalari rahbarlari, yem-xashak ishlab chiqaruvchilar va havaskor tadbirkorlar ishtirok etdi.

Seminar davomida Chiroqchi tumani “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarda baliq yetishtirishni yaxshi tashkil etgan aholi vakillari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rais o‘rinbosari M. Ostonov xonadonlarda baliqchilikni tashkil etishning afzalliklari, baliq tanlash, suv rejimi, oziqlantirish va kasalliklarning oldini olish kabi muhim masalalar haqida tushuntirish berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirda tumandagi 3 ta mahallada 300 dan ortiq xonadon baliq yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. Ularning yillik mahsuldorligi 10 ming tonnani tashkil etadi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 4-5 baravar oshirish rejalashtirilgan.

[gallery-23401]

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 15856 gektar maydonda 344 ta baliqchilik korxonasi faoliyat yuritadi. Ulardan 1427 gektar sun’iy suv havzalarida 329 nafar, 12471 gektar tabiiy suv havzalarida 16 tadbirkorlik sub’ekti baliq yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Seminar ishtirokchilari xonadonlarda baliqchilikni rivojlantirishning muhim jihatlariga e’tibor qaratdi. Jumladan, baliqchilik uchun qulay bo‘lgan mahalliy sharoitlardan unumli foydalanish, suv resurslarini oqilona ishlatish, baliq zotlarini to‘g‘ri tanlash va ularni boqish texnologiyalarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, baliqlarda uchraydigan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, veterinariya xizmatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida baliq yetishtirishni moliyalashtirish, kredit olish imkoniyatlari, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar va subsidiyalar haqida ham ma’lumot berildi. Xonadonlarda baliqchilikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun biznes-rejalar tuzish, loyihalarni moliyalashtirishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Seminarda xonadonlarda baliqchilikni rivojlantirish orqali mintaqa aholisining bandligini ta’minlash, ularning daromadlarini oshirish va turmush farovonligini yaxshilashga erishish mumkinligi qayd etildi. Bu, ayniqsa, qishloq joylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun muhim ahamiyatga ega. Kelgusida bu loyihalarni yanada kengaytirish va takomillashtirish orqali viloyatni baliqchilik sohasida yetakchi hududga aylantirish maqsad qilingan.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA