Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiroqchida tarvuz pishdi va 10 tonnasi sotildi
18:44 / 2021-05-10

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “O‘tamayli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi dehqonlar mana bir necha yildirki, ertachi tarvuz yetishtirib, uni eksport qilish borasida yaxshigina tajriba orttirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ham mazkur hududda 5 mingdan ziyod dehqon va tomorqa xo‘jaliklari a’zolari tomonidan 8 ming gektar maydonda ertachi, 4 ming gektar yerda o‘rtachi tarvuz ekilgan bo‘lib, hosilning boshi allaqachon ichki bozorga chiqarildi.

Masalan, hududdagi eng tajribali dehqonlardan biri “Ravshan xoji” poliz va sabzavotchilik fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Jumanazarov joriy yilda 2,5 gektar issiqxonada viktoriya navli, 3 gektar maydonda “duga” usulida dolbe navli ertachi tarvuz yetishtirmoqda. 

Hosilning boshi allaqachon mijozlar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l. Dehqonning ta’kidlashicha, bu yilgi ob-havo injiqliklariga qaramay, 7 may kuni dastlabki hosil terilgan. Bugunga qadar 10 tonna mahsulot sotilgan. Bundan tashqari kuni kecha qozog‘istonlik hamkorlar bilan 40 tonna tarvuz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

[gallery-2365]

Bugun ayrim yer egalari gektarlab suvli yerlarni bo‘sh qo‘yib, nima ekib pul qilishni bilmayotgan, sababini so‘rasangiz ming bitta bahonani vaj qilib keltirayotgan bir paytda cho‘l o‘rtasida 150-160 metr chuqurlikdan yer osti suvlarini chiqarib, lalmi yerlarda dehqonchilik qilib yerni gullatgan o‘tamayliliklarga qoyil qolmay iloj yo‘q.

Hayrat bilan polizni aylanar ekanmiz, shu yerda ishlab turgan ishchilardan birini suhbatga chorladik. O‘zini Farhod Qurbonov deya tanishtirgan, qotmadan kelgan yigit, viloyatning Nishon tumanidan kelib ishlayotgani, oyiga 5 million so‘m maosh olishini ta’kidladi. Uning aytishicha, mavsumda ya’ni har yili yanvar oyidan iyungacha shu yerda tarvuz parvarishlaydi va 25-30 million daromad bilan uyiga qaytadi.

Ayni paytda birgina “Ravshan xoji” fermer xo‘jaligida Farhod Qurbonov kabi 5 nafar ishchi mehnat qiladi.

Qalovini topsang qor ham yonadi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Qip-qizil cho‘lda tarvuz-qovun yetishtirib, million-million daromad topayotgan o‘tamaylilik dehqonlar erishgan natijalar bunga yaqqol misol.

O‘.Barotov, J.Norqobilov(surat) O‘zA