Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiroqchida nima gap: 309 milliard so‘m qani?
15:11 / 2025-11-25

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida hokim va uning birinchi o‘rinbosarining lavozimdan ozod etilishi Prezident raisligida o‘tgan videoselektorda ta’kidlandi. Yig‘ilishda qayd etilishicha, tumanda aholini band qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlarida katta mablag‘ va imkoniyatlar bo‘laturib, amaliy natija kutilgan darajada bo‘lmagan.

2025 yilda Chiroqchi tumaniga mahallalarda tadbirkorlikni kengaytirish maqsadida 309 milliard so‘m kredit resursi yo‘naltirilgan. Bu mablag‘ har bir mahallada zarur loyihalarni ishga tushirish, aholini daromadli mehnatga jalb etish uchun yetarli imkoniyat edi.

Biroq Prezident kuyinib uqtirganidek, tuman hokimligi odamlarning imkoniyatiga mos tayyor loyihalarni ishlab chiqmagan, ajratilgan mablag‘ aholiga manzilli yetkazilmagan, muhtoj oilalar va yoshlar uchun loyihalar taklif etish bo‘yicha tashabbuslar bo‘lmagan. Katta resurslardan foydalanilmagani yoki mablag‘lar samarasiz yo‘naltirilgani uchun tuman rahbariyati jazolandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Chiroqchida 55 ta mahalla mavjud. 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida faqat 16 ta mahalla (29%) bandlik rejasini bajargan. 39 ta mahalla (71%) belgilangan ko‘rsatkichlarni amalga oshirmagan. Bu raqamlar tumanda monitoring, nazorat va tashkilotchilik yetishmovchiligini ochiq ko‘rsatadi. Mahalla bandlik siyosati amalga oshiriladigan asosiy pog‘ona. Bu pog‘onadagi past natija to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimlik mas’uliyatiga borib taqaladi.

Manbalarda keltirilgan raqamlarga ko‘ra, tumanda aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha yanvar-sentyabr oylarida 26 ming 566 nafar kishining bandligi ta’minlanishi reja qilingan, amalda 30 ming 218 nafarining bandligi ta’minlanib, reja 114 foizga ortig‘i bilan bajarilgan. Shundan investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 1066 nafar, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobiga 8841 nafar, qishloq xo‘jaligi, fermer dehqon xo‘jaliklari tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 19 ming 558 nafar, qurilish sohasida 773 nafar aholi ish bilan ta’minlangan.  

Bu raqamlar bir qarashda ijobiy. Ammo tahlil shuni ko‘rsatadiki, umumiy raqamlar bajarilgan bo‘lsa-da, ijro mahalla darajasida past, natijalar “tizim ishlayapti” degan xulosani bermaydi, tumanda xizmatlar ko‘lami katta, ammo nazorat va manzillilik sust.

Demak, raqamlar ko‘paygan, lekin ularning ortidagi amaliy samara –aholi daromadi, barqaror ish o‘rni, kambag‘allikdan chiqish tuman darajasida to‘liq ta’minlanmagan.

Kambag‘allikni qisqartirishda harakat katta, lekin muammolar saqlanib qolgan. Dastur doirasida 4079 ta oilaga xizmat ko‘rsatilgan, 2996 nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 2607 nafari tadbirkorlikka jalb etilgan, 509 nafariga imtiyozli kredit va subsidiyalar berilgan, 398 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan. Natijada 2253 ta oilaning 10651 nafar a’zosi kambag‘allikdan chiqarilgan. Biroq shunga qaramay “Kambag‘al oilalar reyestri”da hanuz 4697 ta oila (22 232 nafar a’zo) bor, tumandagi kambag‘allik darajasi 8 foizni tashkil etmoqda.

Bu raqam shuni anglatadiki, resurslar bor, harakat bor, ammo muammo ham juda katta.  

Viloyat bo‘yicha ishsizlik pasaymoqda, Chiroqchida esa tizimli muammolar saqlanib qolgan. Ish o‘rinlari ko‘paygan bo‘lsada, mahalladagi ijro past, kredit resurslari manzilli yo‘naltirilmagan, tuman rahbariyati tomonidan aniq mexanizmlar ishlatilmagan. Bu esa viloyat bo‘yicha ijobiy tendensiyaga zid holat.

Rahbarlarning ishdan olinishi raqamlar ortidagi haqiqiy vaziyat bilan bog‘liq. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov va uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashevning ishdan olinishiga asosan quyidagi omillar sabab bo‘ldi: katta miqdordagi resurs – 309 milliard so‘m  tuman aholisi manfaatiga to‘liq ishlatilmagan. Mahallalarning 71 foizi bandlik rejasini bajarmagani boshqaruvdagi jiddiy kamchilik. Rasmiy raqamlar ijobiy bo‘lsa-da, ular real vaziyatni to‘liq aks ettirmagan. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dastur to‘g‘ri tashkil etilmagan. Tuman rahbariyatida manzilli yondashuv va nazorat yetishmagan.

Qaysiki rahbarlar xalq manfaatini o‘ylab yelib-yugurmas, ishlamas ekan, oqibati shunday bo‘lishi tayin.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri