14 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2010-2011 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bellashuvlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda belbog‘li kurash federatsiyasining yillik taqvim-rejasidagi mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan kelgan 300 nafarga yaqin yosh polvon belbog‘li kurashning belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishida g‘oliblik uchun kurash tushishmoqda.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov va Qashqadaryo viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Farhod Jumanovlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, xususan, milliy sport turlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor xususida ta’kidlab, ishtirokchilarga omad tilashdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston kubogi bellashuvlariga start berildi. Musobaqa reglamentiga muvofiq, bugun belbog‘li kurash yo‘nalishida o‘g‘il bolalar 11 ta vazn toifasida, qizlar erkin yo‘nalishda 7 ta vazn toifasida kuch sinashishadi
Musobaqa 16 aprelga qadar davom etadi.
Ilhom RAHMONOV. O‘zA