Jurnalistik surishtiruv
Gap shundaki, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Oxunboboyev” MFY hududida faoliyat yurituvchi “Tog‘ayev Uchqun Abduhakimovich” fermer xo‘jaligi rahbari Uchqun Tog‘ayev o‘z murojaatida tasarrufida 10 gektardan ortiq yer maydoni bo‘lganini, 2024 yil sentyabr oyigacha mazkur yerda belgilangan tartibda g‘alla va paxta yetishtirib kelganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, tuman hokimligi devonxona mudiri aldov yo‘li bilan yer maydonini olib qo‘ygan. Mazkur murojaat yuzasidan ko‘rsatilgan manzilga chiqib o‘rganish ishlari olib bordik.

Xo‘jalik a’zolarining aytishicha, “Tog‘ayev Uchqun Abduhakimovich” fermer xo‘jaligini Uchqun Tog‘ayevning otasi Abduhakim Ro‘ziyev kolxozlashtirish tizimi tugatilgan yillarda tashkil qilgan. Xo‘jalik yerlari o‘tgan yillar davomida 80 gektargacha kengaygan. Shundan so‘ng 2015 yilda A.Ro‘ziyev yoshi o‘tib qolgani, tez-tez sog‘ligi yomonlashib qolayotganini hisobga olib, fermer xo‘jalik yerini o‘g‘li Uchqun Tog‘ayev nomiga o‘tkazib, qayta tashkil qilgan. Keyingi yillarda yangi fermer xo‘jaliklari tashkil qilinishi natijasida kelishilgan holda fermerning yeri yana qisqarib, 10,6 gektar maydon qoladi. Mana shu maydonda to 2024 yilning kuz oylariga qadar Uchqun Tog‘ayev qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirib, g‘alla va paxta yetishtirish bo‘yicha shartnoma rejalarini bajarib kelgan.

2024 yil sentyabr oyida U. Tog‘ayev poytaxtga o‘qishga ketadi va fermer xo‘jaligining pechatini otasiga topshiradi. Oktyabrda o‘qishdan qaytgach, yerlari boshqa shaxsga o‘tganini eshitadi, pechat esa yo‘q. Fermerning otasi Abduhakim Ro‘ziyev bu holatni quyidagicha izohlaydi.
– Xo‘jalikni 90 million so‘mdan ortiq qarzdorligi bor edi, – deydi u. – O‘zini soliqdanman, deya tanishtirgan bir yigit keldi. Mana shu oq qog‘ozga pechat bosib bersangiz, qarzdorligingizni bartaraf etishga yordam beraman, subsidiya ajratilyapti, dedi. Biror narsa qoralasang pechat bosaman, dedim. Indamay ketdi. Yana Bahrom degani keldi. Shu o‘rtada 3 gektar yer bersangiz, qarzni bartaraf etishga yordam qilaman, dedi. Keyin pechat bosib berdim. Ikki marta keldi. Uchinchi martasiga hokimiyatning devonxona mudiri Alisher degani bilan keldi. Pechatlaydigan hujjatlar ko‘p, pechatni o‘zini berib turing, subsidiya hal bo‘lgach, qaytarib beramiz, dedi. Alisher qishlog‘imizdan bo‘lgani va yaqindan taniganim uchun, unga ishondim va berib yubordim. Shundan so‘ng qaytarib ololmadik. Alisher o‘yindan chiqib men bilmayman Bahrom biladi, deb aldadi. Keyin bilsak qaynog‘asini nomiga yerni o‘tkazib, o‘zi foydalanishni maqsad qilgan ekan. Hamma muammo shundan so‘ng boshlandi. Yerimizning girdi-atrofiga panjalar tortildi. G‘allani o‘rniga mevali daraxtlar ekildi. Qancha urinmaylik hech kim tinglamayapti.
Uchqun Tog‘ayev o‘qishdan qaytar ekan o‘z yeriga mevali daraxtlar ekilayotganini ustidan chiqdi. Barcha yugur-yugurlar shundan keyin boshlandi, quruq qog‘ozlarga muhr bosgani ortidan yeridan ayrilib qolgan, amaldagi rahbar bo‘lgan o‘g‘li Uchqun yerni qaytarib olish uchun anchagina ter to‘kishiga to‘g‘ri kelmoqda.
– 2024 yilning sentyabr oyida fermer xo‘jaligimiz yerlari Chorshanbiyev Mansur nomiga o‘tib ketganini bilib qoldik, – deydi Uchqun Tog‘ayev. – Tuman hokimligida devonxona mudiri bo‘lib ishlaydigan Umrzoqov Alisher o‘zining qaynukasi nomiga adliya orqali to‘liq hujjat qilib olgan. Yerimizga kelib, setka tortib, ko‘chat ekib boshlagandan keyin buni bildik. O‘qishda paytim otamdan aldov yo‘li bilan pechatlarimizni olib ketgan. Fermer xo‘jalikning 93 million so‘m qarzi bor edi. Pechatlarni shu qarzni kamaytirishda xat-qog‘ozda ishlatamiz deb aldashgan. Men tuman hokimining qarori va kadastr agentligining hujjatlari asosida faoliyatimni yuritib kelganman, lekin hech kimga yer bermaganman.

Uchqun Tog‘ayev yer qo‘ldan ketganini uning atrofi sim to‘siqlar bilan o‘ray boshlanganida bilganini aytarkan, garchi rahbar bo‘lsa-da, 2 gektarga yaqin maydon uning xabarisiz, soxta qarorlar bilan 2018 yildan boshlab boshqa birovlarga ajratib berilganini ma’lum qildi.
– Eng yomoni mening pechatim bilan boshqa birovlarga eski sana ya’ni 2018 yil bilan dehqon xo‘jaligiga yer ham chiqarib yuboribdi. Buni ham advokatim orqali viloyat arxividagi hujjatlardan topdim, – deydi U.Tog‘ayev.
Xo‘sh, yer egasi rasmiy ma’lumotlarda Uchqun Tog‘ayev deb ko‘rsatilib turgan bir paytda, Mansur Chorshanbiyev yer egaligini qanday qo‘lga kiritdi. Dala boshiga uni ham chaqirtirdik. Chorshanbiyevning mazkur holatga javobi esa o‘zgacha bo‘ldi.
– 2024 yilning sentyabr oyida Alisher Umrzoqov Ko‘kdala tumanidagi davlat xizmatlariga olib bordi, – deydi Mansur Chorshanbiyev. – Yerni Uchqunning nomidan menga o‘tkazish uchun. Uchqun ham, men ham hujjatlarga barmoq bosdik. Men shunchaki qog‘ozda rahbarman. Amalda xo‘jalikni yuritish ishlariga aralashmayman. Alisherning o‘zi yuritadi.
Ko‘kdala tumani davlat xizmatlari markazida amalga oshirilgan jarayonlarda Mansur Chorshanbiyev yerni o‘zaro rozilik asosida olinganini aytarkan, Uchqun Tog‘ayev buni inkor qildi.
– O‘sha kuni ertalab Alisher Umrzoqov telefon qilib, “Ko‘kdala adliyasiga boramiz, fermer xo‘jaligidan ajratilgan dehqon xo‘jaliklari haqiqatdan faoliyat yuritayotganini tasdiqlash kerak”, – deb olib bordi. Aslida esa, yerning rahbarini o‘zgartirish uchun olib borgan ekan, – deydi U. Tog‘ayev.
Siz bora borguncha nima uchun olib borilayotganingizga qiziqmadingizmi, so‘raymiz undan.
– Fermer xo‘jaligining nizomida yozib qo‘yilgan uni boshqa birovning nomiga bu tarzda o‘tkazish mumkin emas, shuning uchun xotirjam bo‘lganman, – deydi u.

Taajjubli tomoni yerning yangi egasi shunchaki qog‘ozda rahbar ekanligini, yer bilan bog‘liq munosabatlarga umuman aralashmasligini aytmoqda. Sobiq va yangi fermer bot-bot tilga olayotgan, hamma ishlarning ortida turgan Alisher Umrzoqovni esa topa olmadik. Hokimiyatdan so‘raganimizda uni mehnat ta’tilida ekanini ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng surishtiruvni davom ettirib, tuman kadastr bo‘limiga bordik. U yerdagi hujjatlarda ham tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi izohlarida ham yerning egasi sifatida hamon Uchqun Tog‘ayev ko‘rsatilgan. Hozirda bog‘ tashkil qilingan maydon esa, hujjatlarda paxta g‘alla yetishtiriladigan yer toifasida turibdi.
– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fermer xo‘jaligi rahbarligini faqat yaqin qarindoshlarga o‘tkazish mumkin, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Anvar Xoliqulov. – Begona shaxsga xo‘jalik rahbarligini o‘tkazib bo‘lmaydi. Hujjatlarimizda mazkur yer hali ham “Tog‘ayev Uchqun Abduhakimovich” fermer xo‘jaligi nomida qayd etilgan va paxta-g‘alla yetishtirish toifasiga kiradi. Bu ma’lumot kadastr palatasi hujjatlari bilan tasdiqlangan. Shu hujjat asosida ekin maydonida paxta va g‘alla ekish belgilangan. 2024 yilda ham paxta va g‘alla ekilgan, joriy yilda ham paxta ekishi lozim.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fermer xo‘jaligining boshlig‘ini o‘zgartirish bu majburiyat emas, balki bevosita fermer xo‘jaligining boshlig‘i va fermer xo‘jaligini boshqarishni o‘z zimmasiga olayotgan oila a’zolaridan birining huquqi hisoblanadi. Ya’ni xo‘jalik rahbari sifatida oila a’zolaridan biri tanlanadi. Begona emas.
Aynan ushbu muammo yuzasidan tuman hokimligida o‘tkazilgan muhokamada uchinchi shaxslarning aralashuvi bilan bog‘liq jarayonlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘rganilib chiqilishi va yer egasiga qaytarilishi yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi. O‘ylaymizki, mas’ullar ushbu muammoni e’tiborga olib qonun ustuvorligini ta’minlashadi.
O‘lmas Baratov, O‘zA muxbiri