Chorvachilik yo‘nalishida boy tajribaga ega Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida keyingi yillarda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Bu tashabbuslar natijasida tumanga nasldor chorva mollari olib kelinib, mahalliy zotlarni sifat jihatdan yaxshilash, qo‘ychilik mahsulotlari – go‘sht, sut, teri va jun yetishtirish hajmini oshirishga keng imkoniyat yaratilmoqda.
Bu borada tumanning Pakandi mahallasida yashovchi tajribali chorvador To‘lqin Omonqulov faoliyati diqqatga sazovor.

– Yaxshi niyat bilan Qirg‘izistondan “Edilboy” zotli 40 bosh qo‘y olib kelib, ko‘paytirishni boshladik, – deydi To‘lqin Omonqulov. – Natijasi kutganimizdan ham yaxshi bo‘ldi. Bu zot nasldor, ikki-uchtagacha qo‘zi beradi, iqlimimizga tez moslashdi. Endi yana qo‘shimcha mol olib kelish niyatimiz bor.
Chorvador bilan suhbat davomida xorijdan keltirilayotgan qo‘y zotlarining afzalliklari, ularning mahsuldorligi va nasl sifatlarini yaxshilashda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, naslli qo‘y va echkilarni olib kelish orqali mamlakatimiz chorvachiligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani alohida ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi, jumladan, chorvachilik sohasiga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. Qabul qilinayotgan hukumat qarorlari, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlovlar natijasida Chiroqchi tumanida ham chorva bosh sonini oshirish, mahalliy sharoitda naslli zotlar ulushini ko‘paytirish orqali aholini arzon va sifatli go‘sht-sut mahsulotlari bilan ta’minlash ustuvor vazifaga aylandi.
– Bugungi kunda tumanimizda 360 ming boshdan ortiq mayda shoxli va 315 ming boshdan ziyod yirik shoxli chorva mollari parvarish qilinmoqda, – deydi Chiroqchi tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Moyli Haydavolib. – O‘tgan yil davomida tumanimizga 3 ming boshga yaqin qoramol, 4 ming boshga yaqin mayda shoxli mollar xorijiy davlatlardan olib kelindi. Ayniqsa, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistondan olib kelinayotgan mayda shoxli mollar yaxshi samara bermoqda. Bu ishlar kelgusida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

Ayni paytda viloyat miqyosida 1 million 762 ming bosh qoramol va 5 million 109 ming bosh mayda shoxli chorva mollari parvarish qilinmoqda. Mo‘g‘uliston bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik doirasida 10 ming bosh “bayad” zotli qo‘y olib kelish rejalashtirilgani ham soha rivojida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Qashqadaryo, xususan, Chiroqchi tumani chorvadorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Nacldor chorva turlarini ko‘paytirish nafaqat sifatli go‘sht, sut va jun mahsulotlari manbai, balki aholi uchun hamyonbop narxlar, tadbirkorlar uchun esa barqaror daromad omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri