O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aslini olganda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish yer osti boyliklari zaxiralarini tejash bilan birga, ekologiyaga chiqarilayotgan zararli gazlarning miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarixiy hujjat bo‘ldi. Sababi, bunday tartib hamma davlatlarda ham mavjud emas.
Hujjatga asosan, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2022 yilda faqat ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi tomonidan yil davomida jami 434 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 576,9 million kilovatt-soatga yetgan. 2024 yil yakunida esa quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 milliard 860 million kilovatt-soatni tashkil etdi. 2025 yil iyul oyida ishlab chiqarilgan umumiy 1 milliard 246 million kilovatt-soat energiyaning 760,9 million kilovatt-soati quyosh stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, 485,4 million kilovatt-soati shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan. Ushbu energiya hajmi orqali 377,5 million metr kub tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 1 million 120 ming tonna zararli gazlarning oldi olindi.

Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 1 milliard 246 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu mamlakat energetika tizimidagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy elektr generatsiyasining 17 foizini tashkil etgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 4 ming 119 megavattga teng bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritib, qayta tiklanuvchi manbalardan “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, iyul oyida mamlakatdagi barcha quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari tomonidan 2 milliard 89 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu oylik umumiy generatsiyaning 27 foizini tashkil etdi. Buning natijasida 633 million metr kub tabiiy gaz tejaldi, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 1 million 880 ming tonna zararli moddalarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Aytish joizki, iyul oyida ishlab chiqarilgan 2 milliard 89 million kilovatt-soat elektr energiyasi 1 million 492 ming xonadonning yetti oylik yoki 870 ming xonadonning bir yillik energiya ehtiyojini qoplash imkonini beradi.
E’tiborli jihati shundaki, 2025 yil 2 avgust holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon respublikadagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi miqdori 6 milliard kilovatt-soatdan oshgani qayd etilgan.

O‘tgan davr mobaynida yurtimizda qayta tiklanuvchi energetikaga o‘tish bo‘yicha ulkan ishlar qilindi. 2026 yilga qadar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu o‘rinda yuqorida nomi keltirilgan qarordagi imtiyozlarga e’tibor qaratamiz. Ushbu hujjatga asosan, 2023 yil 1 apreldan boshlab soliq imtiyozlari joriy etilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini 100 kVtgacha o‘rnatgan yuridik va jismoniy shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i va qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etiladi. Ya’ni, 10 sotix yeringizning 2 sotixiga quyosh panellari o‘rnatsangiz, 2 sotix yer uchun yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilasiz. Qolgan 8 sotixiga belgilangan tariflarga asosan yer solig‘i to‘laysiz. Mol-mulk solig‘i ham huddi shunday. Quyosh paneliga aloqador yangi olib kelib o‘rnatgan mulklar mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. Qolgan mavjud mulklar bo‘yicha soliq o‘rnatilgan tariflarga ko‘ra undiriladi.
Shuningdek, qarorda foyda solig‘idan ozod etish bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tilgan. Bunda ham e’tibor qarating, faqatgina mazkur qurilmadan olgan daromad soliqdan ozod etiladi. Qolgan daromadlarga ta’sir qilmaydi.
Yana bir e’tiborli jihati, 2023 yil 1 apreldan boshlab, aholi xonadonlariga kichik quvvatli (50 kVt gacha) quyosh paneli o‘rnatgan jismoniy shaxslarga (yuridik shaxslarga emas) tegishli ob’ektlarga o‘rnatilsa, har bir kilovatt-soatiga davlat byudjetidan 1000 so‘mdan subsidiya ajratilmoqda.
Qarorga ko‘ra, yana bir holatga e’tibor qaratish kerak. Qarorda ushbu subsidiyalar “Quyoshli xonadon” dasturiga kiritilgan fuqarolarga ajratilishi belgilangan. Ya’ni, qarorning 4-ilovasida 36 ming 686 ta aholi xondonlarida ushbu qurilmalarni o‘rnatish rejasi tumanlar kesimida belgilangan. Ushbu raqamlar doirasida subsidiya ajratiladi. Masalan, Andijon viloyatida 5 ming 321 ta xonadonga yoki Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida 22 ta xonadonga quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan.
Ushbu subsidiya soliq organlari tomonidan har oyda "Soliq" mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilmoqda.
Yuqorida sanab o‘tganimizdek quyosh panelini o‘rnatgan fuqarolarga qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Biroq, yaratilgan imkoniyatlarni ba’zi fuqarolar noto‘g‘ri tushunmoqda. Natijada, fuqarolar orasida quyosh panelini o‘rnatishga majburlash hissi paydo bo‘lmoqda. Aslida yaratilgan imkoniyatlarni to‘liq tushungan fuqarolar, o‘zi istab quyosh panelini o‘rnatishga harakat qilmoqda.
Quyosh panelini o‘rnatgan Xayriniso onaxon qayta tiklanuvchi elektr energiyasidan daromad ham olish mumkinligini tushundi.
–Ro‘zg‘orimiz katta. Ikki kelinim bilan bir hovlida 15 jon yashaymiz. Shu vaqtga qadar har oyda elektr energiyasiga 100-150 ming so‘mdan to‘layotgan edik. Quyosh paneli o‘rnatib mablag‘imiz tejalib, aksincha, ortiqcha elektr energiyasi uchun bizga pul ham to‘lashyapti – deydi g‘allaorollik Xayriniso momo. – Eng muhimi, ba’zida mahallamizda elektr energiyasi vaqtincha uzilsa, bizning uyda chiroq o‘chmaydi. Mahalladoshlarimiz uyimizga “Chirog‘i o‘chmaydigan uy” deb nom berishgan. Hozirgi kunda mahallamizda bizniki kabi chirog‘i o‘chmaydigan uylar soni ko‘paymoqda.
Jizzaxlik Azizbek Kenjayev yangi uy qurib, uning tom qismiga kelajagi uchun kapital bo‘la oladigan daromad manbai — quyosh panellarini o‘rnatishni afzal ko‘rdi.
— Jizzax shahrida quyosh panellarini o‘rnatish va ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bir qancha korxona faoliyat yuritmoqda, – deydi A.Kenjayev. — Shu korxonalarning biriga murojaat qildim. Mas’ul xodimlar xonadonimni o‘rganib, 100 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni tavsiya qilishdi. Ayni paytda xonadonimiz iste’molidan tashqari kunlik ishlab chiqarilayotgan 380-400 kVt elektrni davlatga sotayapmiz. Iyun va iyul oyida 8 million so‘mlik elektr sotdik. Bu oilamizga qo‘shimcha daromad. Qolaversa, mol-mulk solig‘i va qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etilganmiz.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA