Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Chirigan aqidalar" ortidagi nizolar: qiz bolani mustaqil hayotga tayyorlamay uzatamiz, bechora erning esa turar joyi yo‘q...
11:31 / 2021-03-15

Notinch bo‘lgan, ajrim yoqasiga kelib qolgan, umuman shunga o‘xshash nosog‘lom oilalar (uy-joylar)dan majbur bo‘lib chiqib ketgan yoki chiqarib yuborilgan yo arazlab ketib, so‘ng qaytib kelolmagan, qaytib kelsa, kelin bo‘lib tushgan uyiga kiritilmagan ayollar haqida albatta ko‘pchilik eshitgan.

Chunki, ular ham kimningdir singlisi-opasi, qarindoshi, qo‘shnisi, sinfdoshi, kasbdoshi umuman olganda, tanish-bilishi, qisqasi ular ham begona emas – yurtdoshlarimizdir.

Biz buni pinagimizni ham buzmay, «ha oilasi buzilib kelibdi, endi bolalari bilan qayerga sig‘adi, ularni kim boqadi?» deymiz. Agar shunday deb g‘iybat qilmasak, albatta...

Xom hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahri va respublika viloyatlarining markaziy shaharlarida ana shunday ayollarning faqatgina 3 % foiziga yaqini, qishloq tumanlarida esa 0,5 % foizi bolalari bilan birga kelin bo‘lib tushgan uyiga kiritib qo‘yish haqida sudlarga da’vo qiladi.

Umumiy holatda oila-nikoh nizolarida kuchli birinchilikni alimentga oid da’volar, ikkinchi o‘rinni nikohdan ajratishga oid nizolar egallasa, top uchtalikni yuqorida bayon etilgan bolalari bilan birga uyga kiritib qo‘yish haqidagi da’volar yakunlab beradi.

Shuningdek, bunday da’volarga qarshi da’volar yoki ularni uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, ularni ushbu uylardan ko‘chirib yuborish to‘g‘risida da’volar egallaydi.

TASAVVUR QILGANMISIZ?

Norasida bolalari bilan boradigan, yashaydigan uy-joyi va imkoniyati yo‘q ayollarni, chorasizlikdan o‘sha notinch oilaga (uy-joyga) bo‘lsa ham kiritib qo‘yish uchun sudda jon holatda tortishayotgan, o‘z huquqlarini talab qilayotgan ayollarni hamda uni va bolalarini uyga kiritmaslik uchun har qanday chorani ko‘rishga tayyor er, qaynona-qaynota, qayinsingil-qayinopa, qayinaka-qayinukalarni hech tasavvur qilganmisiz?

Qolaversa, ayollarning o‘z joniga qasd qilish holatlarini tahlil qilsak, bunga asosiy omillardan rashk motividan keyingi o‘rinni uy-joyi va boradigan joyi bo‘lmagan vaziyatdagi ayollar tashkil etadi.

Ilg‘or davlatlarda esa, yoshlar ota-onasining orzu-niyatlari asosida tezroq oila qurishga emas, voyaga yetiboq katta va mustaqil hayotni o‘rganishga, birovning ko‘magisiz yashashga, hech bo‘lmasa shunga o‘zini tayyorlashga urinishadi. 

Nikohdan ajragan yoki ajrashayotgan yosh ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan birga uyga kiritib qo‘yish haqida sudga berayotgan da’volarning asoslari, ularning kelib chiqish sabab-omillari va bu kabi nizolarning oldini olish yuzasidan bir-ikki takliflarni o‘rtaga tashlasak, foydadan holi yoki yomon bo‘lmaydi.

UYGA KIRITIB QO‘YISH HAQIDA SUDGA BERILAYOTGAN DA’VOLARNING ASOSLARI

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasiga muvofiq, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi "Uy-joy kodeksi"ning 32-moddasiga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. 

Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.

Demak, qisqa va sodda qilib aytganda, xotin uyga kiritib qo‘yishni so‘rashi uchun o‘sha nizoli uy er-xotinning birgalikdagi mulki, ya’ni nikohlari davrida olingan bo‘lishi yoki uy, kvartira mulkdorining oila a’zosi, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan yo shu uydan foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lishi kerak.

UYGA KIRITIB QO‘YISH HAQIDA NIZOLARNING KELIB-CHIQISH SABAB-OMILLARI

Nikohdan ajrashish va ayolni farzandlari bilan birga ota uyiga kuzatib qo‘yish, agar ota uyi bo‘lsa yoki u uyga sig‘sa, tug‘ilib o‘sgan o‘z uyiga ham sig‘magandan keyin sudga da’vo kiritishi tabiiy, boshqa chorasi ham yo‘q.

Agar avval boshdan nikohdan o‘tuvchilarning juda katta qismini o‘z mol-mulkiga (ko‘chmas) yoki uy-joyga ega emasligini tan olsak, bir haqiqat ayon bo‘ladiki, ko‘pgina oilalar yaxshi bo‘lib ketar degan o‘yda, yaxshi niyatlar asosida quriladi yoki opa-singillarimizni hayotga o‘zimiz tavakkal kuzatamiz.

Xullas, oilasi buzilishi va qaytib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni hisobga olmay, bunday holatlarda lozim tayyorgarlik, shart- sharoitlarni yaratib qo‘ymay yo ularni uysiz qolgan vaziyatda yashashi uchun muqobil turar joy yo‘qligini bilsak ham, yaxshi niyatda shosha-pisha, mustaqil hayotga tayyorgalikni yaratmay, tezroq uzatishim kerak, degan qotib qolgan, chirigan aqidalar asosida, ko‘p ham bosh qotirishni yoqtirmaydigan miyamizdagi ana shunday»dominant» fikrda ularni o‘zimiz uzatib yuboramiz.

Oila boshlig‘i, ya’ni, bechora erning esa, o‘z xotini va bolalari bilan bir oila bo‘lib yashashi uchun shaxsiy yoki doimiy yashashi uchun turar joyi yo‘q. Uning o‘zi ham ota-onasi va aka-uka, opa-singillari tomonga o‘tib, xotin va voyaga yetmagan bolalarni uydan haydashga majbur. Chunki, u oila yashayotgan turar joy erning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlariga tegishli. Xotin (kelin)ning uydan chiqarilib yuborilishiga ham aynan mana shu nizoli uy-joy bu oilaning o‘ziga tegishli bo‘lmagani asosiy omillardan biridir.

CHORA-TADBIRLAR...

Uyga kiritib qo‘yish haqida nizolarni kamaytirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish muhim:

O‘zbekiston respublikasi "Oila kodeksi"da belgilab qo‘yilgan nikoh shartnomasi huquqidan kengroq foydalanish, bizning qonunchilikdagi nikoh shartnomamiz shundoq ham ko‘p masalani qamrab olmaydi, faqatgina, nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi hisoblanadi. Ya’ni agar amal qilinsa, ayol bolalari bilan ko‘chada qolmasligi mumkin.

Ayni paytda bozor iqtisodiyoti qoidalari amal qilayotgan boshqa jamiyatlar kabi, yurtimizda umrbod, doimiy, egalikka beriladigan ijtimoiy uylar va ijara uylarni ko‘paytirish, bu borada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan davlatning ilmiy va hayotiy tajribaga asoslangan Dasturini yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifaligicha qolmoqda.

Albatta bu borada davlatimiz rahbari joriy yil 3 mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tagacha – jami 6,5 mingta oilaga kredit beriladi. 

Og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan mingta oila, ayniqsa, ayollarga ijara asosida ijtimoiy uy-joylar ajratilishi haqida ko‘rsatma berildi va shu maqsadda har bir hududga xususiyatidan kelib chiqib, 10 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Yosh oilalar va muhtoj ayollar uchun ijtimoiy uy-joylar va ijtimoiy ijara uy-joylar qurishni ko‘paytirish bo‘yicha, qurilayotgan uy-joylar tannarxini keskin tushirishga ko‘rsatma berildi.

Keyingi o‘ta dolzarb masala esa, endi bu borada qarashlarni o‘zgartish vaqti keldi. Xususiy mulk, ko‘chmas mulk, oila mulki, bozor iqtisodiyoti sharoiti nimaligini anglab yetish, barcha sharoitni davlat yaratib beradi, ko‘p bo‘lmasa, qarz-kredit olarmiz, avval orzu-niyatlarni qilib olaylik, qiz uzataylik, o‘g‘il uylaylik, shulardan qutilaylik qolgani bir gap bular degan eskicha va nochor fikrdan voz kechish darkor.

Farzandlarni mustaqil hayotga tayyorlash ustida ular juda yoshligidan boshlab bosh qotirish, shunga harakat qilish, choyxona, gap-gashtak, katta-katta to‘y-tantana faqatgina shu maqsad uchun mablag‘ to‘plash sarflash kabi hali juda ko‘plab saqlanib qolayotgan, imkonimiz har doim ko‘tarmaydigan (sharoiti borlar bundan mustasno ular o‘zlari biladi, barcha sharoitni hozirlab qo‘ygan, hayotda o‘z o‘rnini topib qo‘ygan bo‘lsa), go‘yoki, bizni ijtimoiy illatimiz (norasmiy majburiyatimiz)ga aylanib qolgan keraksiz vaqt va havoga sovrilayotgan mablag‘ kabi sarflayotgan odatlarimizdan qutilishni tezlatishimiz lozim.

Xullas oila-nikoh, farzandlarimizga munosib hayot, shart-sharoit, mulk hozirlash, hech bo‘lmasa ularning o‘zlarini shunga o‘rgatish tizimli e’tibor berish, bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash tadbirkor, tadbirli, ishbilarmon, ilmli qilishga bor imkoniyatni va diqqat-e’tiborni qaratish, bu – balandparvoz gaplar emas, buni amalga oshirishimiz kerak.

Agar-ki, umrimizni kam vaqti, mablag‘ va imkoniyatlarini bu yo‘lda sarflar ekanmiz, qizlarimiz, opa-singillarimiz sud ostonasiga «uyga kiritib qo‘yish haqida» da’vo bilan kelaveradi... Bu esa bizning xalqimizga xos emas.

Aytgancha, yana bir gap, biz Ikkinchi jahon urushi davrida millionlab bolalarni bag‘riga olib, o‘z uyidan joy, mehr bergan buyuk insoniy fazilatlar sohiblari bo‘lgan ajdodlarning avlodlarimiz. 

Bugun esa o‘z o‘g‘lining farzandlari, nevarasi, jiyani, yaqinlari norasidalarni keliniga qo‘shib uydan chiqarib yuborish uchun sudga da’vo kiritib, nizo ko‘tarmoqdamiz... 

Albatta bunda kelin-ayol tomonini ham qo‘llamoqchi emasman, asosiy masala oilalarni parokanda bo‘lishga qo‘yib berayotgan, ularning hayotiga ortiqcha aralashib, ijtimoiy ambitsiyasini bosib olmayotgan kattalarmiz...

Xulosa har birimizdan!

Nuriddin Murodov,

Toshkent shahar

Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi