O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida MDHga a’zo davlatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida harbiy-kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha VIII xalqaro olimpiadasi boshlandi.
Ochilish marosimida so‘z olganlar oldinda turgan bahslarda jamoalarga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng sportchilarning o‘ziga xos chiqishlari, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Ushbu xalqaro olimpiada oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining nazariy va kasbiy tayyorgarligi asosini tashkil etuvchi o‘quv fanlari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini namoyish etishga, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni takomillashtirishga qaratilgan tanlovdir. Olimpiada harbiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ularni ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish va pedagogik metodikalarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazib kelinadi.
[gallery-11911]
Olimpiada qatnashchilari to‘rt kun mobaynida “O‘quvda qiyin – jangda oson”, “Kimyoviy himoya”, “Oriyentirlash”, “O‘t ochib, yakson qilish”, “Duyel”, “Mergan”, “Armiya biatloni”, “Qurolsoz”, “Bosib o‘tish”, “Yo‘lak” kabi musobaqalarda o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, ular 500 metrlik maxsus to‘siqlar yo‘lagidan o‘tib, xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha o‘z bilimlarini hamda tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish etadi.
Olimpiada musobaqalari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti o‘quv va moddiy-texnik bazasi hamda Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqo‘shin poligonida o‘tkazilmoqda.
A.MUSAEV, D.ERNAZAROV (surat), O‘zA