Ko‘chma zenit qurilma(PZRK)sidan shartli dushman samolyoti, vertolyoti yoki uchuvchisiz uchish apparatlarini raketa yordamida urib tushirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar. Bu amaliy mashg‘ulotlarni respublikamizning qaysidir dala-o‘quv maydoni emas, balki quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa mutaxassislari uchun tashkillashtirilgan o‘quv kursida kuzatish mumkin.
Bungacha quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa mutaxassislari bu kabi kursni kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida o‘tardi. Endilikda mudofaa vazirining tashabbusi bilan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ko‘chma zenit qurilmalaridan amaliy otish mashqlarini bajarish uchun kompyuterlashtirilgan trenajyor o‘quv sinflari tashkil etildi.
Bilim yurtining quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa kafedrasidagi o‘quv sinflari va kursining muhim jihatlari juda ko‘p. Birinchidan, bu yo‘nalishda xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi bo‘yicha ko‘nikmalarini doimiy tarzda shakllantirib borish ta’minlandi. Ikkinchidan, trenajyor o‘quv sinflarida otish mashqlarini har qanday sharoitda ham bajarish mumkin. Buning uchun qulay ob-havo sharoiti, dala-o‘quv maydoni yoki jangovar raketalar bo‘lishi muhim emas.
Hozirda ilk o‘quv kursiga barcha harbiy okruglardan tinglovchilar taklif etilgan. Ular 72 soatlik amaliy va nazariy mashg‘ulotlar davomida o‘z mutaxassisliklari toifalariga ega bo‘lishadi.

Shu o‘rinda kompyuterlashtirilgan trenajyor o‘quv sinflarida bajariladigan mashqlar real holatga qanchalik yaqin bo‘ladi degan haqli savol tug‘iladi. O‘quv kursi rahbari podpolkovnik Farhod Jamolovning ta’kidlashicha, tinglovchilar trenajyorlarda bajarayotgan mashqlar jangovar vaziyatga 80-90 foiz to‘g‘ri kelishi, ular orasida xalqaro armiya o‘yinlarining “Musaffo osmon” yo‘nalishida sovrindor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning borligi yanada ahamiyatli. Negaki, armiya o‘yinlari ishtirokchilari o‘quv kursi davomida o‘z xalqaro tajribalarini boshqa quroldosh do‘stlari bilan o‘rtoqlashgan holda tajribalarini yanada mustahkamlab borishmoqda.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA