Harbiy-havo kuchlari odamlarni tashqi tahdidlardan himoyalash bilan bir qatorda, turli qutqaruv operatsiyalari va mamlakat ichidagi boshqa amaliyotlarda ishtirok etadi.
Shu ma’noda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi Havo floti kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv poligoni hududidagi markaziy maydonda bayram tadbiri tashkil etildi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Bayramda kasb bayramini nishonlayotgan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolari, aviatsiya ixlosmandlari jam bo‘ldi.
Aviaparvozlarda jangovar va harbiy-transport samolyotlari hamda vertolyotlar uchuvchilari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Xususan, harbiy uchoqlar tomonidan samoda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasviri hosil qilindi.
Aviashouda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Burxonov ishtirok etib, uchuvchilarning manyovrlarini kuzatib bordi. Ayniqsa, qo‘mondon tomonidan namoyish etilgan murakkab va qiziqarli manyovrlarga boy aviachiqish yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Desantchilarning jangovar vertolyotdan parashyut bilan ko‘rgazmali sakrashlari ham shular jumlasidan.
Aytish joiz, bugungi kunda mamlakatimiz harbiy havo kuchlari zamonaviy uchish apparatlariga ega. Jumladan, harbiy havo kuchlari zamonaviy qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar, jangovar samolyotlar, vertolyotlar bilan yetarli darajada ta’minlangan.
Tantanali tadbirda so‘z olganlar bu haqda batafsil so‘z yuritib, harbiy uchuvchilarimizning yuksak mehnati va fidoyiligi, ustoz-shogird an’analarining beqiyos o‘rnini e’tirof etar ekan, mamlakatimizning tinchligi va farovonligi yo‘lidagi sharafli faoliyatlariga omadlar tilashdi.
O‘zA