Chirchiqda eshkak eshish bazasi ish boshladi
Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy eshkak eshish bazasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur sport kompleksining ochilish marosimida ishtirok etgan mutasaddilar ushbu maskan nafaqat universitet sportchi talabalari, balki mamlakat terma jamoasi a’zolari hamda Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilari uchun ham mashg‘ulot olib boradigan majmua bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi.



Mamlakatimizda eshkak eshish sportini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash maqsadida bunyod etilgan ushbu majmuada ilk musobaqa boshlandi.
Bu yerda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ochiq chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA