Qaror va ijro
Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholi yashashi hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunaviy hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizdagi 33 ta tuman va shahar “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)”ga aylanadi.

Ular orasida Toshkent viloyatidagi 4 ta hudud, jumladan, Chirchiq shahri ham bor. Shu munosabat bilan Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hudud faollari bilan muloqot o‘tkazdi. Unda shaharni “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi shahar” sifatida rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, investitsiya loyihalari, master-rejalar ishlab chiqish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimi hududlarni jadal rivojlantirishda mutlaqo yangi va hayotbaxsh tajriba bo‘lgan mazkur tashabbusning ahamiyatini ta’kidlab, Chirchiq shahrining sanoat va ilmiy salohiyati, qulay geografik joylashuvi hamda ta’lim va madaniyat sohalaridagi ulkan imkoniyatlarini qayd etdi. Shuningdek, shaharni zamonaviy infratuzilma, qulay yashash muhiti va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali namunaviy hududga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Tadbirda Chirchiq shahar hokimi ham so‘zga chiqib, davlat rahbari qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar, loyihalar va amaliy chora-tadbirlar haqida axborot berdi. Xususan, shaharda aholining turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratish, yo‘l-transport, suv va energetika tizimlarini modernizatsiya qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish hamda “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ga mos shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

E’tiborlisi, mazkur qaror bo‘yicha Chirchiq shahriga alohida mablag‘ ajratilib, u yuqoridagi maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Yakunda mas’ul tashkilotlar va rahbarlarga belgilangan vazifalarni sifatli hamda o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev, O‘zA.