Energetika tarmog‘ida resurslardan qonuniy va samarali foydalanishni ta’minlash mamlakatda barqaror elektr ta’minotini shakllantirishning ustuvor yo‘nalishidir.
Shu maqsadda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan hududlarda muntazam o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisoblagichlarni chetlab o‘tish va energiya resurslaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish kabi qoidabuzarliklar aniqlanib, ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Inspeksiya axborot xizmatining xabar berishicha, o‘tkazilayotgan keng qamrovli nazorat ishlari doirasida Chirchiq va Andijon shaharlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik qoidabuzarliklar fosh etildi. Xususan, “O‘zenergoinspeksiya” respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatida o‘tkazgan tadbirlari davomida Chirchiq shahrida joylashgan “H.G.M.” MCHJga qarashli binoda hisoblagichdan chetlab o‘tgan holda tarmoqqa ulanib, 685,9 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, shu hududdagi “Ch.Y.N.S.” MCHJga tegishli ob’ektda ham o‘xshash tarzda o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulangan holat aniqlanib, 565,6 million so‘mlik zarar keltirilgani qayd etildi.
Shunga o‘xshash holat Andijon shahrida ham kuzatildi. Viloyat hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri chog‘ida “B.U.M.” MCHJga qarashli maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektida hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Elektr ta’minoti korxonasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida 1 milliard 454 million so‘mlik zarar keltirilgan.
Har uch holat bo‘yicha hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Inspeksiya tomonidan esa kelgusida bunday qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida nazorat choralari yanada kuchaytirilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA