Toshkent viloyati Chirchiq shahrida turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar ishtirokida «Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarka»si bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasida o‘tkazilayotgan yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 maydagi 324-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatida tarmoqlararo va hududiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi hamkorlar topish, buyurtmalar portfelini shakllantirish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi, tegishli tashkilot va korxonalar hamkorligida tashkil etildi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, Viloyat hokimi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev, Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov, viloyat hokimligi va savdo-sanoat palatasi mas’ullari ishtirok etdi.

Unda respublika hududlaridan jami 978 nafar mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilot 4 ming 421 turdagi mahsulotni namoyish qilmoqda.
Yarmarkaning birinchi kunida eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘rgazmalari, ishlab chiqarish loyiha takliflari hamda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish maqsadida taqdimotlar qilindi.

Dastlab, ko‘rgazma stendlari bilan tanishish davomida «OKMK» AJ mahalliylashtirish va kooperatsiya dasturi bo‘yicha taqdimot ishtirokchilarga namoyish etildi.
Shuningdek, kun davomida “Cooperation.uz” elektron kooperatsiya portalining mohiyati, imkoniyatlari va shartnomalarni tuzish shartlari bo‘yicha atroflicha ma’lumot beriladi. «O‘zmetkombinat», «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zeltexsanoat» va «O‘zqurilishmateriallari» uyushmalarining tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning mahalliylashtirish va kooperatsiya dasturi taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, ko‘rgazmada namoyish etilgan va import qilinayotgan mahsulotlar namunalarini tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘zlashtirish bo‘yicha B2B shaklida muzokaralar olib borish va hamkorlik bitimlari tuzish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Elektron kooperatsiya portali mutaxassislari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda yangi mahsulot turlarini o‘rganishga qaratilgan. Shuningdek, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish ko‘lamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfeli (shartnoma va memorandumlar) shakllantiriladi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mamlakatimizning turli hududlaridan yirik sanoat tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari o‘z mahsulotlari bilan qatnashayapti.
Yarmarka 26 noyabr kuni yakunlanadi.
A.Musayev, O‘zA