Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chirchiq shahri obodlik sari yuz burdi
19:43 / 2025-12-12

Chirchiq shahrida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida bunyodkorlik ishlari olib borilgan Yoshlik mahallasi foydalanishga topshirildi. Tadbirda Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov, Respublika ishchi guruhi a’zolari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Shukurullo Mahmudov, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, shuningdek, mahalla nuroniylari va faollari ishtirok etdi.

Shu paytga qadar og‘ir toifadagi mahallalar qatorida bo‘lgan ushbu hududda infratuzilma to‘liq yaxshilanib, 15 ta ko‘p qavatli uylarning fasad va tomlari, oyna romlari, kirish yo‘laklari, yerto‘lalar ta’mirlandi. Joylarda elektron kodli qulflar o‘rnatildi, devorlarga milliy rasmlar chizildi. Tadbir ishtirokchilari yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mas’ullar hudud aholisi bilan suhbat qildi. 

– Amalga oshirilgan ishlar aholining turmush sharoitini yaxshilash va hududni yanada obod qilishga xizmat qiladi, – deydi Yoshlik mahalla raisi Zulfiya Qodirova. – Hududimizda yangi kutubxona, 2 ta bolalar maydonchasi, “Workout” maydonchasi barpo etildi, sport anjomlari va o‘rindiqlar o‘rnatildi. Guzarda allomalar va jadidlarning hikmatli so‘zlari aks etgan 30 ta stend joylashtirildi, mahallaning kirish qismida arka (stella) o‘rnatildi va dizayn asosida landshaftlar tashkil etildi. 

Shuningdek, hududda 200 metr gaz quvurlari bo‘yaldi, 650 metr elektr tarmoqlari tartibga keltirildi, 800 tonna tuproq va 1 ming 700 metr kvadrat gazon yoyildi. Shu bilan birga, 2 ming 800 metr kvadrat yo‘laklar betonlashtirildi, 210 metr irrigatsiya tizimi qurildi, 3 kilometrdan ortiq ko‘chaga asfalt yotqizildi. 

Bundan tashqari, joylarda 6 ta quduq qurildi va 3 ming 300 metr irrigatsiya tarmoqlari o‘rnatilib, sug‘orish tizimi tashkil etildi, 17 ta videokamera va 20 ta tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Jami 12 ming 530 tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekildi. E’tiborlisi, endi bu mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga ham aylantirildi. 

A.Musayev,O‘zA.