Majburiy ijro byurosi sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta’minlash borasidagi ishlarni amalga oshiradi.
Ba’zida sud qarorlarida uydan ko‘chirish, noqonuniy turar-joylarni buzish va farzandlarni onasi yoki otasiga olib berish ishlari oson kechmasligi aniq.
Lekin noiloj, MIB amalda sud qarorlarini muhokama qilmasdan, uning ijrosini ta’minlaydi, bu esa, odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Uyimni videoga olib, ayolimga bosim o‘tkazgan” – Deputat o‘zi va oilasi xavf ostida ekanligini ma’lum qildi” nomli xabarlar tarqaldi.
Mazkur voqea tafsilotlari bo‘yicha o‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro buyurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov quyidagilarni ma’lum qildi:
J.Tulyaganovga nisbatan majburiy ijro byurosining Chirchiq shahar bo‘limida 2 ta ijro ishi mavjud.
Dastlabki ijro ishi bo‘yicha to‘xtalsak:
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 10.09.2020 yildagi ijro varaqasiga asosan 2015 yilda tug‘ilgan B.Bozorqulovni qarzdor J.Tulyaganov va X.Tulyaganovalarning qaramog‘idan X.Raxmatova va B.Raxmatovning tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 15.10.2020 yilda kelib tushgan.
Qonun talablari bo‘yicha ijro hujjati haqida Tulyaganov Jahongir Shuxratovichga MIB portal dasturiy ta’minoti orqali SMS xabarnoma yuborilgan va telefon orqali bir necha marotaba ogohlantirilgan.
13.11.2020 yil davlat ijrochisi tomonidan olib berilishi lozim bo‘lgan bolani qidirish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ijro qilish uchun Toshkent shahar IIBB va Chirchiq shahar IIBga yuborilgan.
Joriy yilning 9 fevral kuni ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzil, ya’ni Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, Madaniyat ko‘chasi, 25-uy, 30-xonadonga borilganda olib berilishi lozim bo‘lgan 6 yoshli bola ushbu manzilda yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 22.02.2021 yilgi yo‘llanma xatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 20 yanvardagi ajrimi bilan ijro harakatlari to‘xtatilgan.
Keyinchalik, Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 4 mart kungi ajrimiga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 10.09.2020 yilgi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2020 yil 18 dekabrdagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
5.04.2021 yil Tulyaganov Jaxongir Shuxratovich va Tulyaganova Xolida Asqar qizining yashash manzili, ya’ni Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, P.Yusupov ko‘chasi, 1-uy, 84-xonadonga davlat ijrochilari va xolislar ishtirokida chiqilgan. Ammo qidiruvdagi B.Bozorqulovning uyda yo‘qligi aniqlanib, ushbu jarayon video yozuvi qayd etilgan. Xonadon sohibasi esa, rasmiylashtirilgan dalolatnomaga imzo chekishdan bosh tortgan.
Ijro harakatlar davrida 6 aprel kuni bolani qidirib undiruvchilar tomonidan ma’lum qilingan manzilga, ya’ni Toshkent shahar, Yashnobod tuman, Ohangrabo ko‘chasi, 14 A-uy, 14-xonadonga chiqilganda xonadon eshiklari qulfligi, xonadonda hech kim yashamasligi aniqlandi va bu haqida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Qidiruv ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, ikkinchi ijro bo‘yicha qarzdor J.Tulyaganovdan Chirchiq shahar IIBB YXXBning 06.11.2019 yilgi qaroriga asosan davlat foydasiga 111.500 so‘m, 22.04.2020 yilgi qaroriga asosan 111.500 so‘m, 24.04.2020 yilgi qaroriga asosan 111.500 so‘m ma’muriy jarima undirish haqidagi ijro hujjatlari yuzasidan bir necha marotaba ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, belgilangan jarima to‘lov summalarini asossiz ravishda to‘lamasdan kelmoqda.
Qarzdor J.Tulyaganov Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati ekanligini vaj qilib, davlat ijrochisining ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarori bilan va ish hujjatlari bilan tanishib, tanishganligi yuzasidan qo‘l qo‘yishdan bosh tortgan.
Ushbu holat yuzasidan Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashiga 04.11.2020 yil kuni xat bilan murojaat qilingan.
Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining 21.11.2020 yilgi xatiga asosan Xalq deputatlari shahar kengashining Reglament va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomning 71-moddasi talablari tushuntirilganligi va “Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga yuqoridagi jarimalarni 3 kun muddatda to‘lashligi yuzasidan ogohlantirilganligi ma’lum qilingan. Afsuski, bu qarzdorlik shu kungacha to‘lanmagan.
Shuni alohida aytib o‘tmoqchimizki, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan asossiz xabarlar, sud qarori ijrosini ta’minlash uchun to‘siq bo‘lolmaydi.
O‘zA