Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida "Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida ham bo‘ldi.
Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikdagi mazkur texnopark o‘tgan yilning 23 mart kuni ochilgan edi.
Texnoparkning umumiy maydoni 35,1 gektar bo‘lib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Uchta maydonga bo‘lingan mazkur texnoparkda qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich ob’ektlar kesimida tashkil etilgan.
Hozirgi kunda 10,2 million dollarlik 5 ta loyiha ishga tushirilgan.
[gallery-13037]
“Rodium Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati texnoparkda tashkil etilgan korxonalardan biri. Korxona tomonidan ko‘piklantirilgan polipropilen mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha qiymati 3,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ko‘piklantirilgan polipropilen avtomobil sanoatida ishlatiladi.
Loyiha Koreya Respublikasi ishbilarmonlari bilan birgalikda amalga oshirildi. Bu yerda yiliga 2 ming tonna ko‘piklantirilgan polipropilen mahsuloti ishlab chiqariladi. 2 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direksiyasi direktori Jahongir Abdurahmonovning ta’kidlashicha, joriy yil yakuniga qadar qiymati 18,5 million dollar bo‘lgan yana 8 ta loyiha ishga tushiriladi, 61,8 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Buning uchun Rossiya, Germaniya, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan olib kelinadigan zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatiladi. E’tiborlisi, barcha sanoat tarmoqlari ekologik talablarga javob beradi.
Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi "Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Z.JONIBEKOV,
N.HAYDAROV(suratlar),
O‘zA