Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki faoliyati qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratmoqda
21:04 / 2022-09-29

Qaror va ijro

Joriy yilning 23 mart kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida "Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov hamda ikki davlat vazirlik, idora va tashkilotlari rahbarlari, kimyo va neft-kimyo sanoati vakillari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ushbu tadbir kelajakda amalga oshiriladigan ulkan ishlarning ilk qadami bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xo‘sh, o‘tgan olti oyda texnoparkda qanday ishlar bajarildi? Qanday loyihalar tatbiq etilmoqda?

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ushbu savollarga mutaxassislardan javob oldik.

Dastlab ishtirokchilarga “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direksiyasi va “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki boshqaruv kompaniyasi mas’ullari tomonidan ushbu yirik ob’ektning qurilishi va ishga tushirilish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Unda Prezidentimizning 2022 yil 3 fevraldagi "Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan ushbu ezgu ishlar hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishda muhim ekani alohida ta’kidlandi.

“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direksiyasi direktori Jahongir Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, “O‘zkimyosanoat” AJ qoshida tashkil etilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direksiyasi ushbu texnoparkda qurilish-montaj ishlarida buyurtmachi vazifasini bajarish va kelgusida bino-inshootlarni balansda saqlovchi hamda mazkur bino-inshootlarga xizmat ko‘rsatuvchi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki boshqaruv kompaniyasi faoliyati “O‘zkimyosanoat” AJ va “Ximgrad” AJlarning (Tatariston Respublikasi) kuzatuv kengashi qarorlariga asosan yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda mazkur kompaniya texnopark investitsiya faoliyatini boshqarish, investitsiya loyihalarni tanlab olish, rezidentlar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatuvchi, ularga “yagona darcha” tamoyili asosida marketing, PR va GR xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda.

[gallery-8971]

–“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki hududi 29,02 gektarni tashkil etadi. Uchta maydonga bo‘lingan mazkur texnoparkda qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich ob’ektlar kesimida tashkil etilgan. Texnopark faoliyati qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yo‘l qo‘yishda har tomonlama ko‘mak berish bilan bog‘liqdir. Shu sababli, ayni paytda 6 ta loyihani tatbiq etish ishlari jadal olib borilmoqda. Albatta, bu ishlarni tashkil qilish avvalida Ma’muriy kengash ushbu loyihalarni har jihatdan o‘rganib va tahlil qilib chiqdi va tegishli qarori qabul qildi.

“RHODIUM POLIMER” mas’uliyati cheklangan jamiyati ulardan biridir. U ko‘piklantirilgan polipropilen hamda undan mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi bo‘lib, qiymati 3,28 million AQSH dollarni tashkil etadi. “Krassvetmet Tashkent” MCHJ qo‘shma korxonasi nitrat va sinil kislotasini ishlab chiqarish uchun platina guruhi metallaridan katalitik tizimlarni ishlab chiqarish loyihasini tatbiq etadi. Shuningdek, yana to‘rtta loyiha ham ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishda juda foydali. Ayni chog‘da yana 6 ta potensial rezidentlarning loyihalarini texnoparkda joylashtirish bo‘yicha hujjatlar o‘rganilmoqda.

“RHODIUM POLIMER” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshodbek Ahmedov “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidan loyiha uchun joy ajratilganidan va joy uchun rejalashtirgan mablag‘ni ikkinchi loyihaga sarflayotganidan mamnun ekanini press-tur ishtirokchilariga so‘zlab berdi.

– “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida ko‘piklantirilgan polipropilen ishlab chiqaradigan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘ydik, – dedi “RHODIUM POLIMER” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshodbek Ahmedov. – Korxonaga shunday zamonaviy majmuadan joy ajratilgani biz uchun juda qulay bo‘ldi. Loyihani Koreya Respublikasi ishbilarmonlari bilan birgalikda amalga oshiryapmiz. Mahsulotimiz ko‘piklantirilgan polipropilen bo‘lib, Markaziy Osiyo bo‘yicha biz ilk bor uni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Mahsulotni ishlab chiqarish importni qisqartirish, eksport hajmini oshirish va yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishda qo‘l keladi. Ko‘piklantirilgan polipropilen avtomashina ishlab chiqarishda ishlatiladi. Hozirgi kunda liniyamiz to‘liq ishga tushirilgan. Ushbu loyiha asosida 30 nafardan ziyod fuqaro ish bilan ta’minlandi. Ikkinchi loyiha to‘liq ishga tushgach, jami 100 ta ish o‘rni yaratiladi.

Texnoparkda o‘z loyihasini amalga oshirayotgan tadbirkorlar va investorlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Ishtirokchilarga ma’lumot berilishicha, texnopark hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari belgilangan. Ya’ni, foyda, yer va mulk solig‘idan, bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona yig‘imidan tashqari) ozod qilinadi. QQS to‘lovini 120 kun kechiktirib to‘lanadi. Shuningdek, texnopark ishtirokchilari uchun loyihalarini amalga oshirish doirasida beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha kafilliklar, kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar (Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) moliyaviy imtiyozlar taqdim etiladi.

Ishtirokchilar “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki faoliyatini o‘rganish chog‘ida loyihalar tatbiq etilgan va loyihalar uchun mo‘ljallangan ob’ektlar va ma’muriy binolarda bo‘lib, u yerdagi zamonaviy va qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Press-tur doirasida tadbirkorlar va ommaviy axborot vositasi vakillari uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda texnoparkda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, investitsiya loyihalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish va ushbu loyihalarni joylashtirish tartiblari haqida fikr almashildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri