Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Chirchiq GESlar kaskadi"da ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi
15:09 / 2024-12-05

Ma’lumki, 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish uchun qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.   

Bugun, 5 dekabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashabbusi bilan “Chirchiq GESlar kaskadi” filialida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.  

Unda "O‘zbekgidroenergo" AJ "Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Qoratoyev, “Chirchiq GESlar kaskadi” filiali rahbari Abdurasul Shodmonov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar o‘z natijasini berib kelayotganini ta’kidladi.   

Qayd etilganidek, 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunda korrupsiya tushunchasi va unga oid asosiy prinsiplar belgilangan. Qonunning 4-moddasiga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashishda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hamkorlik, javobgarlikning muqarrarligi kabi prinsiplarga tayanilmoqda.   

Korxona direktori Abdurasul Shodmonovning fikricha, bugungi kunda filialda barcha ish jarayonlarida shaffoflik ta’minlangan. Xodimlar o‘rtasida mamlakatimizda korrupsiya holatlarining oldini olish va qonunchilikdagi yangiliklar haqida atroflicha ma’lumot berib borilmoqda.   

– Bugungi tadbir ham bu ishlarimiz davomi hisoblanadi. Asosiy maqsadimiz ishchi-xodimlar va yoshlar o‘rtasida korrupsiyaning zararini tushuntirish va unga qarshi murosasiz munosabat shakllantirishdir. Korxonamizda raqamlashtirish jarayonlari va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar korrupsiyani oldini olishda samarali natija bermoqda. Ayniqsa, yosh mutaxassislar va talaba-yoshlarning bunday tadbirlardagi ishtiroki ularning tanqidiy fikrlash va adolatlilik tamoyillariga amal qilish ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi, – dedi A.Shodmonov.   

Xaridlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Eldor Mamatov xaridlar tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda qanday amaliy natijalarga erishilgani yuzasidan taqdimot qildi.   

– Davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida elektron savdo platformalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayon barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyat yaratib, inson omilini kamaytiradi. Jamiyatda xaridlarning ochiqligi va qonuniyligini ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori natijalarga erishyapmiz, – dedi E.Mamatov.   

Ochiq eshiklar kuni yakunida ishtirokchilar “Chirchiq GESlar kaskadi” filialida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.   

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA