Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev koreyalik investorlar bilan Chirchiq shahri hududida "Smart shahar" qurish loyihasi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Dastlab, investorlar yangi aqlli shahar, tibbiyot klasteri hamda yashil hudud barpo etish borasidagi 3 ta asosiy loyihadan iborat taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, mazkur konsepsiyaga muvofiq, shaharda ma’muriy binolar, zamonaviy turar-joylar, biznes markazlari, mehmonxonalar, sport majmualari, kutubxonalar, maktab va ko‘p tarmoqli shifoxonalar bunyod etiladi. Umumiy yer maydoni 420 gektar bo‘lgan shaharcha loyihasida yana savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, istirohat bog‘lari, yashil maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Zoyir Mirzayev mazkur shaharning infratuzilmasi, ya’ni, kanalizatsiya tizimi, ichimlik suv, gaz va elektr energiyasi ta’minotlari bo‘yicha yangicha yondoshuvlar zarurligini, eng asosiysi, aholini energiya manbalari bilan ta’minlashda quyosh panellaridan foydalanish taklifini o‘rtaga tashladi. Shundan so‘ng, har ikki tomon loyihani yanada mukammallashtirish, soha xodimlari ishtirokida atroflicha o‘rganish yuzasidan kelishib oldi.
A.Musayev,O‘zA.