Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Chiqindisiz dunyo uchun!"
19:14 / 2025-03-30

30 mart – Xalqaro chiqindilarsiz dunyo kuni munosabati bilan Sirdaryo tumani Sholikor mahallasi hududida "Chiqindisiz dunyo uchun!" shiori ostida Sirdaryo daryosi qirg‘og‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni toza saqlash va aholining ekologik xabardorligini oshirish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi.

Aksiyada Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining davlat inspektorlari, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi, "Toza hudud" DK, Poligonlarni boshqarish direksiyasi xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo tuman bo‘limi, Yosh ekologlar harakati, ko‘ngilli yoshlar va mahalla faollari ishtirok etdi. Ushbu tadbirda 250 nafardan ortiq ishtirokchi ishga jalb qilindi.

– Tadbirda 10 ta jamoa  birgalikda 3 kilometrlik Sirdaryo daryosi qirg‘oqlarini chiqindilardan tozalash bo‘yicha ish olib borib, daryo qirg‘og‘ida ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun o‘z hissalarini qo‘shishdi,–deydi Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish shu’basi mudiri Xusniddin Haydarov.

Aksiya davomida 4 ta maxsus texnika yordamida 4 tonnadan ortiq chiqindilar olib chiqildi va ular chiqindilarni yig‘ish poligonlariga joylashtirildi. Bunda asosiy e’tibor daryoni va tabiatni tozalashga qaratildi, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash va ularni kamaytirishga ko‘maklashish maqsadida amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

Bu kabi ekologik tadbirlar aholini tabiatni muhofaza qilishga, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarishga va ekologik madaniyatni oshirishga o‘rgatishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bunday aksiyalar odamlarning ekologik mas’uliyatini oshirishga yordam beradi va kelajakda har bir fuqaroni atrof-muhitni muhofaza qilishga katta hissa qo‘shishga undaydi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri