Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindilarni zararsizlantirib, qayta ishlaydigan shoxobchaga press- tur
17:51 / 2023-11-17

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda OAV xodimlari uchun Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida Gavi(vaksina uyushmasi) va UNISEF tashkiloti ko‘magida qurilgan tibbiy biologik chiqindilarni zararsizlantirib, qayta ishlaydigan utilizatsiya shoxobchasiga press-tur tashkil etdi.

Gavi va UNISEFning 1 milliard 748 million so‘m grant mablag‘iga qurilgan, Italiyada ishlab chiqarilgan jihoz va uskunalar bilan jihozlangan mazkur shoxobchaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir ham o‘tkazildi. Unda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Gavi va UNISEF tashkiloti vakillari hamda Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov boshchiligida soha xodimlari ishtirok etib, yangitdan qurilgan shoxobchaning imkoniyatlari to‘g‘risida OAV xodimlariga ma’lumot berdi. 

–Bilamizki, tibbiy chiqindilar, so‘ngi vaqtda miqdor jihatdan ortib bormoqda. Sababi, amaliyotimizga bir marotaba ishlatiladigan asbob-anjomlar kirib kelmoqda. Shifoxona ichki infeksiyalarini, qolaversa, shifoxona orqali, qon orqali yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish choralarini qo‘llash lozim. Chunki, tibbiy chiqindilar tashlab yuborilsa, xavfi yanada ortadi. Tashlab yuborilgan chiqindilarni saralab, keraklilarni terib olayotgan odamlarni ko‘ryapmiz. Ular ushbu chiqindilarni saralab olish jarayonida turli kasalliklarni yuqtirib olishi mumkin. Bugun taqdimoti bo‘layotgan tibbiy biologik chiqindilarni zararsizlantirib, qayta ishlaydigan utilizatsiya maskani xavfli hisoblangan tibbiy chiqindilarni umuman xavfsiz chiqindiga, kelgusida qurilish xomashyosi sifatida ishlatiladigan xomashyoga aylantirib beradi, – dedi Nurmat Otabekov. 

Mazkur utilizatsiya shoxobchasi qurilib foydalanishga topshirilguncha tuman tibbiyot birlashmasi, uning davolash profilaktika bo‘limlaridan chiqayotgan “B” guruhidagi (shprits, igna, shisha, reagent, plyonka, rezina qo‘lqop kabi tibbiy biologik) chiqindilar maxsus pechlar yordamida yondirilib, yo‘q qilingan bo‘lsa, endi shoxobchaga o‘rnatilgan apparatda qayta ishlanib, kimyoviy jihatdan bezarar chiqindiga aylantirilmoqda. 

Mazkur muassasaning ochilishga bag‘ishlangan taqdimot jarayonida Gavi va UNISEF tashkiloti vakillari ham so‘z chiqib, UNISEF va Gavi, Vaksinatsiya alyansi tomonidan mazkur muassasaga 3,2 million AQSH dollardan ziyod beg‘araz yordam sertifikatini topshirdi. Shoxobcha, unga o‘rnatilgan apparat va jihozlar, undan foydalanish yo‘llari haqida ma’lumot berildi. 

Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, uning vaksinatsiya bo‘limi faoliyati kuzdan kechirildi va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga soha xodimlari javob berdi. 

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri