Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindilarni vaqtida olib ketmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi
12:19 / 2025-10-09

Qonun loyihasiga sharh

Tabiat, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan. Bu bo‘yicha mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligida muhim huquqiy hujjatlardan biri bo‘ladi.  

Parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonun loyihasida avtomatik monitoring stansiyalar ma’lumotlarini yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan normalar belgilangan.  

Qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlarini qonunga xilof ravishda berish va ularda bino-inshootlar va imoratlarni qurish holatlari javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uyga tutash tuproqli yoki yashil qoplamali yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish, shuningdek, ushbu yer uchastkasida qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Amaliyotda ko‘pincha ko‘p kvartirali uylarning yon-atroflarini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, beton qilish va avtoturargohga aylantirish yoxud yashil hududlarini, bolalar maydonchalarini o‘zlashtirib, turli qurilmalar qurish kabi holatlarga duch kelamiz. Endilikda mazkur hujjatda ko‘zda tutilayotgan normalarga ko‘ra, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan fuqarolar javobgarlikka tortiladi.  

Bundan tashqari, chiqindilarni olib chiqib ketish choralarini ko‘rmaganlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmaganlik uchun ham javobgarlik ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, aholi punktlari va shahar markazlarida oldindan mavjud bo‘lgan ariqlar, irrigatsiya tizimlarini o‘zboshimchalik bilan ko‘mib tashlash ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasidagi normalar Konstitutsiyamizning 49-moddasida nazarda tutilgan fuqarolarning ekologik huquqlarini, atrof-muhit holati haqida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini ta’minlashga imkon yaratadi. Qolaversa, ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, atmosfera havosi musaffoligini ta’minlash, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishning oldini olish, chiqindi sohasidagi muammolarni bartaraf etish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashning huquqiy kafolatini yaratishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA