Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish – barqaror ekologik muhitni ta’minlash garovi
12:30 / 2026-01-12

Chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish jamiyat oldida turgan eng dolzarb ekologik masalalardan biri. Aholi soni o‘sishi, sanoat va xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi natijasida chiqindilar hajmi ham ortib bormoqda. Ularni nazoratsiz tashlash, saralamaslik va qayta ishlamaslik atrof-muhit ifloslanishi, inson salomatligiga xavf tug‘ilishi hamda tabiiy resurslarning isrof bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish barqaror rivojlanishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Bu nafaqat ekologik muammolarni kamaytiradi, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirish va kelajak avlod uchun sof muhitni saqlab qolishga xizmat qiladi.

Xo‘sh, o‘tgan 2025 yilda bu borada qanday amaliy ishlar qilindi?

2025 yilda 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan o‘tgan vaqt mobaynida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, abonentlar va to‘lovlar hisobini yuritish hamda elektron to‘lov tizimlarini takomillashtirish maqsadida “Toza makon” yagona elektron billing tizimi uzluksiz ishga tushirildi. Bundan tashqari  20 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari loyihalari ishlab chiqilib, ular amalda joriy etilmoqda.

Qayd etilishicha, 2025 yil 1 dekabr holatida 2024 yilning shu davriga nisbatan tushum 9 foizga oshgan. Ko‘rsatilgan xizmatlardan aholining debitor qarzdorligi 622,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 milliard so‘m noreal debitor qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarilgan. Mavjud 9 ming 452 ta mahallada yashovchi 37,5 million nafar aholining mahalla bo‘yicha 8 ming 105 tasi (87%), aholi bo‘yicha 23,9 million nafari (64%) xizmatlar bilan qamrab olingan. Billing tizimidagi mavjud 7,3 million abonent soniga nisbatan jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) bo‘yicha 91,6 foiz, kadastr raqami bo‘yicha 98,1 foiz abonentlar ushbu tizimga kiritilgan. SMS xabarnoma yuborilganidan so‘ng qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni vaqtinchalik qabul qilishni cheklash amaliyoti joriy etilgan. 

Zaharli-kimyoviy, elektron, tibbiyot va toksik chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Bo‘stonliq tumani “Yakkatut” MFY hududidagi zaharli-kimyoviy poligonda 40 ming tonnadan ortiq margimush moddalari ko‘milgani aniqlanib, dastlabki texnik va ekologik tahlillar o‘tkazilgan. Hozirgi kunda ushbu hududda atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Namangan viloyatidagi “Chorkesar” va Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sobiq uran konlarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 9 million yevro granti hisobidan rekultivatsiya ishlari amalga oshirilib, hududlar xavfsiz holatga keltirildi. Shuningdek, respublikada xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish holati o‘rganilib, takliflar ishlab chiqildi.

Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida (“China CAMC Engineering Co., Ltd.”, “Shanghai Sus Environment Co. Ltd.” va “Everbright Environmental Protection Ltd.”) xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda zavodlarni qurish ishlari boshlangan bo‘lib, hozirgacha 152,2 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan. AQSHning “Sayar” kompaniyasi bilan yiliga 96 ming tibbiyot chiqindisini yoqish hisobiga 320 GVt issiqlik energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 115 million dollarlik loyiha ham amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyihaning birinchi bosqichida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va Toshkent tibbiyot institutida yiliga 6 ming tonna chiqindini yoqish orqali 20 GVt issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tizimi joriy etildi. Buxoro va Samarqand viloyatlarining shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Loyihaning ikkinchi bosqichida 2026 – 2030 yillarda qolgan hududlarda yiliga 90 ming tonna chiqindini yoqish orqali 300 GVt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Janubiy Koreyaning “Sejin UZ”  MCHJ XK amalga oshirayotgan loyiha bo‘yicha “Ohangaron” poligonida qurilishni amalga oshirishga berilgan ruxsatnoma va ekologik xulosa asosida bugungi kungacha 253 ta skvajina qazilib, quvurlar joylandi.

Agentlik hamda “Vision International Investment” (Saudiya Arabistoni) hamda “SUEZ International” (Fransiya) kompaniyalari bilan xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 78 million dollar bo‘lib, chiqindilarni boshqarish va poligonlarga joylashtirish majmualarini yaratish hamda chiqindidan to‘liq yoqilg‘i olish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan. Loyihani amalga oshirish uchun Jizzax va Navoiy viloyatlaridan yer taklif etilib, tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Yaponiyaning “Le One” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida 7,3 million dollarlik yiliga 1 ming tonna oziq-ovqat chiqindilaridan ushbu kompaniyaning ilg‘or texnologiyasi asosida 76 ming kub metr biogaz olishga mo‘ljallangan pilot-tajriba loyihasini amalga oshirish bitimi imzolandi. Loyiha biogazdan muqobil energiya manbai sifatida foydalanish orqali atrof-muhitga yetkaziladigan zarar kamaytirilib, chiqindilarni boshqarishning energiya tejamkor modelini yaratadi. Jahon banki bilan hamkorlikda “Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini tezkor baholash” (Solid Waste Management Sector Rapid Assessment Mission) loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Plastik chiqindilarga qarshi kurashish maqsadida esa 1,8 million tonna plastik chiqindilarni yig‘ish uchun Toshkent va Samarqand shaharlarida fandomatlar o‘rnatish boshlandi. Bugungi kunda “Tomra” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tajriba tariqasida dastlabki fandomat o‘rnatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi 4 ta zavod qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyihalarning umumiy qiymati 420 million dollar bo‘lib, yiliga 1,4 million tonna chiqindilarni yoqish hisobiga 475 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

114 ta tuman (shahar)ni o‘z ichiga olgan 64 ta davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan. Imzolangan bitimlar doirasida o‘tgan yilning 1 dekabr holatiga xususiy sheriklar tomonidan jami 386,5 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga 384 ta maxsus texnika, 5 ming 700 dan ortiq konteyner, 4 ta chiqindilarni saralash va 16 ta qayta ishlash uskunalari xarid qilindi, 33 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurilishi ta’minlandi. Jami 107 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasi, jumladan, 34 ta qurilish, 16 ta rekonstruksiya qilish va 57 ta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 113 ta sanitar tozalash korxonalari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab borildi. Korxonalarning samaradorlik ko‘rsatkichlari dastlab respublika bo‘yicha o‘rtacha 46,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1 sentyabr holatiga 55,5 foizni tashkil etib, 30 tasi “yashil”, 57 tasi “sariq” va 28 tasi “qizil” toifada baholangan.

Xulosa qilib aytganda, yil davomida chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ijobiy natijalar berdi. Joriy etilgan yangi tizimlar, saralash nuqtalari tashkil etilishi, aholi o‘rtasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari chiqindilar madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, qayta ishlash korxonalari faoliyati kengayib, ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish imkoniyatlari oshdi.

Kelgusida ham mazkur yo‘nalishda ishlarni izchil davom ettirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda aholining ekologik mas’uliyatini yanada oshirish muhim vazifa bo‘lib qoladi. Faqatgina davlat, jamiyat va har bir fuqaro hamkorligi orqali chiqindilar muammosini samarali hal etish va barqaror ekologik muhitni ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA