Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizasiya yig‘imi joriy etiladi
17:57 / 2025-08-14

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga qurilishda foydalanish uchun mo‘ljallangan qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizasiya yig‘imini joriy etishni nazarda tutuvchi hamda ayrim qonunlarga Milliy statistika qo‘mitasining nomi va huquqiy maqomi o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun qabul qilinishi qurilish oynasi sanoatini rivojlantirish, uning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, qurilish oynalarining sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, mamlakatning rasmiy statistika sohasidagi ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirish hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilindi.

So‘rov natijasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 49,7 milliard so‘m bo‘lgan 49 amaliy, 7 innovatsion, 1 fundamental, 12 xalqaro loyiha bo‘yicha tadqiqot olib borilmoqda.

Ilmiy-tadqiqot institutlarida tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan qisqa rotatsiyali almashlab ekish tizimi ishlab chiqilgan hamda institutlarning viloyatlardagi ilmiy-tadqiqot stansiyalari va urug‘chilik tajriba xo‘jaliklarida 70 dan ortiq yangi g‘o‘za navlarining birlamchi urug‘chiligi tashkil qilingan.

“Sabzavot nav urug‘lari” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilib, sabzavot va poliz ekinlari nav va duragaylarining urug‘larini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan hamda turli ekstremal sharoitlarga chidamli bo‘lgan boshoqli va dukkakli don ekinlari navlarini yaratish maqsadida “In vitro-seeds” majmui tashkil etilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilib, agroklasterlar, fermerlar hamda boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy ishlanmalar joriy etilgan.

Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

***

Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminari ham o‘tkazildi.

Unda doimiy komissiyalarning ish faoliyatini samarali tashkil etish, ularning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aniq rejalarini belgilash, vakolatlari doirasida muhim masalalarni muhokama qilish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha tajriba almashildi.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekinlarni sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni asrab-avaylash, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA