O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Unga muvofiq, chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi. Ular:
a) mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlari bilan bog‘liq vaziyatni tubdan yaxshilash, ularni 2030 yilgacha 50 foizga qisqartirish;
b) yangidan hosil bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish, sohaga sirkulyar iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish;
v) "nol chiqindi" tizimi doirasida tamoyili asosida maishiy chiqindilarni shaharlardan olib chiqish va qayta ishlash, ulardan ekologik toza energiya va boshqa mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zonalarni tashkil etishdan iborat bo‘ladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimida chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari tashkil etiladi.
Farmon bilan Ekosanoatzonalari faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash tasdiqlandi.
Ekosanoat zonalari chiqindi poligonlari hududida 30 yil muddatga tashkil etiladi va uni boshqarish vakolatlari, istisno tariqasida, Agentlik tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu zonalar hududidagi Agentlikka o‘tkazilgan yer uchastkalari Agentlik qaroriga asosan elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi.
2026 yildan boshlab chiqindi poligonlari Vazirlik taklifiga muvofik, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan tashkil etiladi. Chiqindilarni yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish infratuzilmasini tashkil etish hamda ularning faoliyatini ta’minlashga xizmat qiluvchi havo elektr uzatish tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida Agentlikka o‘tkazib beriladi.
O‘zA