Bugungi kunda chiqindilar muammosi insoniyat oldida turgan eng muhim ekologik masalalardan biriga aylandi. Aholi sonining ortishi, sanoat va iste’mol hajmining kengayishi natijasida maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari yil sayin ko‘payib bormoqda.
Bu esa atrof-muhit ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi hamda inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, qayta ishlash va ular hajmini kamaytirish masalasi ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim sharti.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Xitoyning “China CAMC Engineering Co., Ltd.”, “Shanghai Sus Environment Co., Ltd.” va “Everbright Environmental Protection Ltd.” kabi kompaniyalari ishtirokida qattiq maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning joriy bosqichlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ekologik va texnologik talablarni inobatga olgan holda navbatdagi qadamlar muhokama qilindi. Ekologik standartlarga rioya qilish va loyihalarni chiqindilarni boshqarish tizimiga samarali integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etish lozimki, hozirda Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida mamlakatimizning bir qator hududlarida yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Everbright Environmental Protection Ltd.” loyihasiga ko‘ra, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kuniga 3 ming tonnagacha chiqindini yoqish orqali yiliga 454,6 million kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 283 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bundan tashqari, “Shanghai Sus Environment Co., Ltd.” loyihasiga asosan Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida kuniga 3 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlash va yiliga 480 million kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati – 300 million AQSH dollaridan iborat.

“China CAMC Engineering Co., Ltd.” loyihasiga ko‘ra, Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuniga 4 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlab, yiliga 630 million kVt•soat elektr energiyasi olish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha qiymati 350 million AQSH dollariga baholanmoqda.
Chiqindilarni ko‘mish hajmini kamaytirish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va O‘zbekiston energetika balansida muqobil energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan loyihalarni izchil amalga oshirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA