Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi 77-sessiyasida 30 mart sanasi “Xalqaro chiqindilarsiz kun” deb e’lon qilingan.
Ushbu kun munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Ploging” tadbirlari tashkil etish belgilandi. Jumladan, Namangan viloyatining shahar va tumanlarida Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan “Chiqindisiz shahar” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.


Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan aksiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, Ekopartiya faoli Xayrullo G‘afforov, mazkur xayrli loyiha doirasida isrofgarchilikning oldini olish, resurslardan samarali foydalanish, chiqindilar paydo bo‘lishiga chek qo‘yish hamda ularni alohida yig‘ish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, parlament tomonidan chiqindi bilan bog‘liq qonun loyihasi yangi tahriri ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.


Aksiya davomida Namangan shahrining Navoiy, Chorsu, Boburshoh markaziy ko‘chalarida yo‘llarning chetlari, ya’ni besh kilometr masofadagi chiqindilar saralab olingan holda yig‘ilib, maxsus avtombillarga joylashtirildi. “Xalqaro chiqindilarsiz kun”idagi bunday xayrli yumushlar viloyatning barcha tumanlarida, korxona tashkilotlarda ham davom ettirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA