Olot tumanining “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat ko‘rsatayotgan “Olotobod” MCHJda umumiy qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etuvchi loyiha amalga oshirilib, yaroqsiz avtomobil shinalarini qayta ishlash orqali ikkinchi darajali xomashyo ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyiha nafaqat ekologik muammolar yechimiga xizmat qilmoqda, balki iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunda korxonada 3 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati sutkasiga 1 tonnadan ortiq xomashyoni qayta ishlash imkoniyatini bermoqda. Tayyor mahsulotning har bir kilogrammi ayni paytda bozorda o‘rtacha 3 ming so‘mdan sotilmoqda.


Qayta ishlangan xomashyo asosan bolalar va sport maydonchalari uchun maxsus qoplamalar tayyorlashda, shuningdek, turli rezina mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanilmoqda. Bu esa aholi uchun xavfsiz, sifatli va ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini yaratmoqda.

–Biz bu loyihani avvalo tabiatni asrash, chiqindilar muammosiga amaliy yechim topish maqsadida boshladik, –deydi korxona rahbari Juma Hasanov. –Har kuni yuzlab yaroqsiz shinalar chiqindiga tashlanadi, ular yillab tabiatda chirimaydi, yer va havoni ifloslantiradi. Shuni o‘ylab, shu chiqindidan foydali mahsulot tayyorlash g‘oyasi tug‘ildi. Loyihani amalga oshirish oson bo‘lmadi, albatta. Dastlab texnik uskunalar, texnologiya, moliyalashtirish masalalarida qiyinchiliklar bo‘ldi. Ammo maqsad aniq edi – chiqindidan qiymat yaratish. Shu yo‘lda harakat qildik, mutaxassislar bilan maslahatlashdik, zamonaviy uskunalar olib keldik. Bugun esa natijani ko‘rib turibmiz. Bu faqat ishlab chiqarish emas. Bu yangi ish o‘rinlari, odamlar uchun daromad manbai, yoshlar uchun ibrat. Eng muhimi, bolalarimiz o‘ynaydigan maydonchalar uchun xavfsiz qoplamalar tayyorlanyapti. Demak, biz nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy foyda ham keltiryapmiz. Yaqin kelajakda ishlab chiqarish quvvatini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mahsulot turlarini kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlashning boshqa yo‘nalishlarini ham joriy etish niyatidamiz. Maqsadimiz – haqiqiy “yashil ishlab chiqarish” tizimini shakllantirish.

“Olotobod” MCHJdagi ushbu loyiha nafaqat bir korxona yutug‘i, balki butun hudud uchun namunaviy tajriba bo‘lib, kelgusida shunday ekologik va iqtisodiy samarali tashabbuslarning ko‘payishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri